Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ishchi guruhi Qoraqalpogʻistondagi faoliyatini boshladi

Respublikada oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, bu borada hududlardagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish va ish jarayonlarini tashkil etishda uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida hududda oʻz ish faoliyatini boshladi.

Bugundan ish faoliyatiga kirishgan ishchi guruhning bir guruh vakillari Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanidagi Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi va unga qarashli sport inshootlarining bugungi holatini oʻrganishdan boshladi.

Hozirda bu sport taʼlim muassasasida karantindan keyingi ish faoliyati qayta tiklangan boʻlib, bir qator sport turlari boʻyicha yosh sportchilarni mashgʻulotlarni davom ettirishmoqda.

Ishchi guruh vakillarining Qoraqalpogʻiston Respublikasiga xizmat safari davomida hududlarda sport maktablari va sport taʼlim muassasalarining kadrlari salohiyati va trenerlarga boʻlgan ehtiyoji hamda uni bartaraf etish boʻyicha maqsadli qabul boʻyicha takliflari oʻrganib chiqilmoqda. Shuningdek, hududlarning sport turlariga ixtisoslashuvi, moddiy texnik bazasining holatini yana-da rivojlantirish, sport inventarlari soni va bugungi holati, terma jamoa aʼzolarini shakllantirish masalalari boʻyicha ishchi guruh tuman masʼullariga yaqindan koʻmaklashmoqda.

Bundan tashqari, hududlardagi sport maktablari va sport taʼlim muassasalarining boʻsh yer maydonlari va ulardan maqsadli foydalanish rejasi boʻyicha tadbirkorlar tomonidan kiritilayotgan takliflar ham koʻrib chiqilib, ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tadbirkorlar bilan yuzma-yuz ochiq suhbatlar oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻylab tashkil etilayotgan jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini respublika boʻylab ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish jarayonlari oʻrganilib, bu boʻyicha amaliy koʻmak berish masalasi tegishlicha hal etilmoqda.

Yakunda respublika sportining bugungi holatini oʻrgangan holda, hududlardagi taklif va ehtiyojlardan kelib chiqib, ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida sportni yana-da ommalashtirish va rivojlantirish boʻyicha maxsus dastur ishlab chiqiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati