Xorazm viloyatida sportga eʼtibor qay darajada?

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi masʼul xodimlaridan iborat Ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasida olib borilgan oʻrganishlarni yakunlab, Xorazm viloyatiga yetib keldi.
Kecha kunning birinchi yarmida Urganch shahrida mahalla yoshlari oʻrtasidagi “Futbolimiz kelajagi” va “Mahallada futbol” musobaqalarining viloyat bosqichi yakunlanib, gʻoliblar aniqlangan boʻlsa, kunning ikkinchi yarmida Urganch va Yangibozor tumanlaridagi mavjud holat koʻzdan kechirildi.
Bugun esa Ishchi guruh aʼzolari Xorazm viloyatining Yangiariq, Xonqa, Bogʻot, Hazorasp hamda Tuproqqalʼa tumanlarida boʻlib, ushbu hududlarda jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan eʼtibor, mavjud sport muassasalarining holati hamda joylarda mahalla yoshlari oʻrtasidagi “Futbolimiz kelajagi”, “Mahallada futbol”, “Charm toʻp”, shuningdek korxona-tashkilotlarning ishchi-xodimlar oʻrtasida tashkil etilayotgan “Hokim kubogi” hamda “Rahbar kubogi” ommaviy futbol musobaqalari qanday oʻtkazilayotgani bilan yaqindan tanishdi.
Yangiariq tumanining umumiy aholisi soni 115 ming kishini tashkil etib, ularning salmoqli qismini sport bilan faol shugʻullanishi mumkin boʻlgan yoshlar tashkil etadi.
Tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabida ayni paytda sportning 22ta turi boʻyicha toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ularda 25 nafar trener-oʻqituvchilar yoshlarga saboq berib kelmoqda. Boshlangʻich tayyorlov guruhlari 68tani, oʻquv-mashgʻulot guruhlari esa 9tani tashkil etadi. Sport bilan muntazam shugʻullanuvchi yoshlar soni 1 046 nafar boʻlib, ularning 354 nafari qizlardir.
Tumanda “Futbolimiz kelajagi” hamda “Mahallada futbol” musobaqalari yuqori saviyada tashkil etildi. Biroq, tuman yoshlarining hududiy saralash bosqichida omadi chopmadi. Ayni paytda “Charm toʻp” musobaqasining tuman bosqichi yakunlanib, gʻolib chiqqan jamoa hududiy saralash bosqichiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda. Shuningdek, sentyabr oyining ikkinchi yarmida “Hokim kubogi” hamda “Rahbar kubogi” musobaqalarini ham oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Bogʻot tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabida tashkil etilgan ishlar ham ancha yaxshi, faqat stadion maysasi yaxshilanishi va maydonning oʻlchami xalqaro standartlar darajasida kengaytirilishi kerak. Shunda bu yerdan mahoratli yosh futbolchilar yetishib chiqishi imkoniyati ortadi. Darvoqe, “Futbolimiz kelajagi” musobaqasida Bogʻot tumani “Yosh oʻsmir” mahallasi yoshlari viloyatda faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritganligini ham taʼkidlashimiz kerak.
Hazorasp tumanidagi vaziyat ham qoniqarli darajada. Ammo Xonqa tumani BOʻSM hamda Tuproqqalʼa tumanidagi suv havzasining holati yaxshi emas. Xolbuki, bir vaqtlar Xonqa tumanining futbol jamoasi sobiq Ittifoq chempionati 2-ligasida qatnashgan, bu yerda qanchadan-qancha mashhur futbol yulduzlari toʻp tepgan. Jumladan, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bilan XIV yozgi Osiyo oʻyinlari gʻolibligini qoʻlga kiritgan Ulugʻbek Roʻzimov ham aynan Xonqa tumanidan yetishib chiqqan va 1982-yil “Charm toʻp” musobaqasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan edi.
Hozirgi holatni mahalliy mutasaddilar har ikki inshoot kapital taʼmirga tushgani bilan izohlashdi. Taʼmirlash ishlari 2021-yilga moʻljallangan ekan. Unga ham koʻp vaqt qolmadi. Umid qilamizki, shundan keyin mazkur hududlardagi holat ijobiy tomonga oʻzgaradi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot kotibi