Qoraqalpoq sporti: bir hududda ikki xil manzara

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi xodimlaridan iborat Ishchi guruh kecha Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy, Ellikqalʼa hamda Toʻrtkoʻl tumanlaridagi holatni oʻrgandi.

Taʼkidlash kerak, mazkur hududlardagi sport majmualarining holati boshqa tumanlar bilan solishtirganda ancha yaxshi. Xususan, Toʻrtkoʻl tumanida tabiiy maysali, maydonining oʻlchami boʻyicha Oʻzbekiston professional futbol ligasi tomonidan tashkil etiladigan har qanday musobaqani qabul qila oladigan stadion mavjud.

Toʻrtkoʻl tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabida bugungi kunga kelib sportning 15 turi boʻyicha seksiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Jami 88ta guruhda 1 216 nafar yoshlar sport bilan shugʻullanib kelishmoqda va ularning 221 nafarini qizlar tashkil qiladi. Ularga 34 nafar trener saboq berib kelmoqda. Trenerlarning 10 nafari oliy, 7 nafari tugallanmagan oliy hamda 17 nafari esa oʻrta-maxsus maʼlumotga ega.

Tuman BOʻSM tasarrufidagi stadion oʻz bagʻriga 15 ming tomoshabinni sigʻdira oladi. Maydonning oʻlchami 104x69 boʻlib, taʼkidlaganimizdek bu yerda bemalol Oʻzbekiston 1-liga, Pro-liga, hattoki superliga oʻyinlarini ham oʻtkazish mumkin. Eʼtiborlisi, BOʻSM rahbariyati mehnat jamoasiga yosh, izlanuvchan trenerlarni jalb etib kelmoqda. Shundaylardan biri mamlakat yoshlar terma jamoasi tarkibida Jahon chempionatida ishtirok etgan mohir futbolchi Gʻulom Oʻrunovdir. Jarohatlar bois faoliyatini erta yakunlagan Gʻulom endi oʻz bilim va koʻnikmalarini mahalliy yoshlarga oʻrgatadi.

Ellikqalʼa tumanida ham vaziyat ancha yaxshi. Tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabiga kirib kelishingiz bilan oʻzbek va qoraqalpoq sportchilari erishgan yorqin gʻalabalar aks etgan muzeyga duch kelasiz. Buning oʻziga xos jihati, bu yerga kirib kelayotgan yoshlar qalbida sportimiz iftixorlariga havas paydo boʻladi. Bu havas esa ularni jahon arenalari, qolaversa Olimp choʻqqisi sari yetaklashiga aslo shubha yoʻq.

Tuman BOʻSMda 15ta sport turi mavjud boʻlib, shugʻullanuvchilarning umumiy soni 1 092 nafarni tashkil qiladi. Shundan 288 nafari qizlardir.

BOʻSMda 30 nafar trener faoliyat olib bormoqda. Ularning 14 nafari oliy, 6 nafari tugallanmagan oliy hamda 10 nafari oʻrta-maxsus maʼlumotga ega.

Muassasada 2ta sport zal (12x24 va 12x12 oʻlchamli), 12x25 oʻlchamdagi suzish havzasi, 20 ming tomoshabinga moʻljallangan 104x69 oʻlchamdagi futbol stadioni, tennis korti hamda uchta moslashtirilgan sport zallari mavjud.

Ellikqalʼa tumanida 153 ming aholi istiqomat qiladi. Tuman 36ta mahalla va ovul fuqarolar yigʻinidan tashkil topgan. Ammo, targʻibot ishlari yaxshi boʻlmaganmi yoki boshqa sababmi, xullasi “Futbolimiz kelajagi” hamda “Mahallada futbol” musobaqalariga tumandagi atigi 14ta MFY va OFY jamoalari qatnashdi.

Beruniy tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabida ham ishlar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Ayniqsa, suzish havzasidagi holat kishi koʻzini quvontiradi. Garchi, oʻlchami xalqaro talablarga javob bermasada (12x25 metr), yaratilgan sharoitlar borasida bu basseyn Qoraqalpogʻiston Respublikasida oldingi oʻrinlarda turadi. Shu sababli 15-sentyabrdan boshlab bu majmuada suzish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi terma jamoasi oʻquv-mashgʻulotlar yigʻini tashkil etishni rejalashtirgan.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, sportga berilayotgan eʼtibor, sport jihozlari bilan taʼminlanish jihatidan Beruniy, Ellikqalʼa va Toʻrtkoʻl tumanlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining boshqa hududlaridan ajralib turgani yoʻq, ularda ham muammolar yoʻq emas. Ammo ushbu tumanlarda sport mutasaddilarining oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashuvi, oʻz kasbini sevishi natijasida mazkur hududlarda aholi, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish holati ancha yaxshi va shunga yarasha natijalar ham qoʻlga kiritilmoqda. Qaniydi, boshqa hududlardagi sport mutasaddilari ham oʻz ishiga sidqidildan yondashsa, shubha yoʻqki natijalarimiz salmogʻi ortardi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati