#uydaqol! #hayotgaqoʻshil! chellenjida gʻolib boʻlgan oilalarga sovgʻalar yetkazilmoqda

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi pandemiya davrida yurtdoshlarimiz orasida uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan faol shugʻullanishni targʻib qilish maqsadida tashkil etgan #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! chellenji davom etmoqda.

Joriy yilning 3-avgustdan qayta yoʻlga qoʻyilgan chellenjda qatnashish orqali yurtdoshlarimiz nafaqat oʻz salomatliklarini mustahkamlashmoqda, balki qimmatbaho sovgʻalarni yutib olishmoqda.

Mazkur chellenjda gʻolib boʻlgan yurtdoshlarimizga Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan sovgʻalari oʻz vaqtida yetkazilmoqda.

Ushbu chellenjda Fargʻona viloyati Rishton tumanida istiqomat qiluvchi Matkarimovlar oilasi gʻoliblikni qoʻlga kiritgan edi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xodimlari hamda Fargʻona viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida sport sevar oilaga gʻoliblik sovgʻalari topshirildi.

Siz ham #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! chellenjida faol ishtirok eting hamda qimmatbaho sovgʻalarni qoʻlga kiriting. Unutmang, chellenj 2020-yilning 15-dekabriga qadar davom etadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati