Vazir Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Respublika Olimpiya zaxiralari kollejiga tashrif buyurdi.
Vazir ushbu taʼlim maskanida amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishib chiqdi. Jumladan, gandbol sport turiga ixtisoslashgan sendvich panelli, energiya tejamkor sport majmuasining qurilish jarayonlarini koʻzdan kechirdi. Ushbu majmua kelgusida yurtimizda yirik xalqaro turnirlarni bekamu-koʻst qabul qilishi uchun nimalarga ahamiyat qaratish kerakligi borasida tegishli tavsiyalarni berdi.
Shuningdek, Dilmurod Nabiyev Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji oʻquvchilari uchun qurilishi rejalashtirilayotgan 300 oʻringa moʻljallangan yotoqxona qurilishiga qoziq qoqish marosimida ham ishtirok etdi.
Tashrif yakunida vazir ushbu sport taʼlimi maskanida oʻzbek sportining ertangi kunini belgilab beradigan yoshlarga barcha sharoitlarni yaratib berish kerakligi, shunda ular oʻz ustilarida yana-da koʻp ishlab, Vatanimiz dovrugʻini koʻklarga koʻtarishini taʼkidladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
