Uch nafar sportchimiz “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda faollik koʻrsatib, oʻzining bilim va iqtidori, intiluvchanligi va tashabbuskorligi, halol va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, qatʼiy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan fidoyi va mard oʻgʻlonlarimizni munosib ragʻbatlantirish maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti taʼsis etildi.
Unga koʻra fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, sanʼat, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalari va huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun bir guruh yurtdoshlarimiz “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
“Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga diplom va koʻkrak nishoni tantanali vaziyatda topshirilib, sovrindorlarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
Quvonarlisi, mukofotlanganlar qatoridan jismoniy tarbiya va sport sohasida Vatanimiz dovrugʻini koʻklarga koʻtarib kelayotgan uch nafar sportchimiz ham oʻrin olgan:
Lutfillayev Sharafuddin Rustamovich – Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 3-bosqich talabasi (Surxondaryo viloyati), dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi;
Yakubboyev Nodirbek Murodbek oʻgʻli – Oʻzbekiston Milliy universiteti 1-bosqich talabasi (Xorazm viloyati), shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi;
Mustafin Vladislav Alfredovich – Suzish boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi (Toshkent shahri).
Biz yuksak davlat mukofotiga sazovor boʻlgan yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etamiz va kelgusi faoliyatlarida ham omad yor boʻlishini tilaymiz.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati