Xorazmda ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari oʻtkazildi

Maʼlumki, respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan mamlakatimizda 15-avgustdan boshlab qator karantin cheklovlari bekor qilinishi bilan sport musobaqalari va ommaviy tadbirlarga karantin qoidalariga rioya qilgan holda oʻtkazilishiga ruxsat berildi.

Shu munosabat bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020-yil 17-avgustdagi “Mamlakatimizda bugungi pandemiya sharoitida jismoniy tarbiya va sport sohasining barqarorligini saqlab turish, aholini, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishi uchun qulay sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida”gi 914-sonli buyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatida karantin talablari va sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilingan holda sport tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri Urganch shahar hokimligi hamda shahar jismoniy tarbiya va sport boʻlimi hamkorligida “Yoshlar koʻli” hududida tashkil etilgan badantarbiya mashgʻuloti ana shular sirasiga kiradi. Mazkur tadbirda viloyat markazidagi “Maʼrifatchilar” mahallasida yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan sport ixlosmandlari ishtirok etib, badantarbiya va nafas mashqlarini bajarishdi. Qolaversa, ular qisqa masofaga yurishni ham amalga oshirishdi. Tabiiyki, bu ularga xush kayfiyat, oʻziga xos joʻshqinlik ulashdi.

Bunday tadbirlar nafaqat aholining sogʻligini mustahkamlashga xizmat qilyapti, buning barobarida, sogʻlom turmush tarzining targʻiboti yoʻlida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati