Ravshan Ermatov Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida boʻldi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji (sobiq Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internati)da 2020/2021 oʻquv yili uchun davom etayotgan kasbiy (ijodiy) imtihonlar jarayoni va kollejda sportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Maʼlumot uchun, Respublika Olimpiya zaxiralari kollejiga bu yil 145 nafar oʻquvchi 22ta Olimpiya sport turi hamda ikkita milliy sport turi yoʻnalishlariga qabul qilinadi. 296 nafar oʻquvchi hujjat topshirgan.

Ikki yillik tanaffusdan keyin ROZKda yana futbol boʻlimi ochildi. ROZKning futbol boʻlimidan juda koʻplab taniqli futbolchilar, jumladan Vladimir Fyodorov, Mixail An, Olim Ashirov, Pavel Bugalo, Yorqin Nazarov, Zayniddin Tojiyev, Server Jeparov, Aleksandr Geynrix va boshqalar yetishib chiqqanligini oʻrta va keksa avlod yaxshi biladi. Hozirgi yulduzlardan esa Odil Ahmedov, Jaloliddin Masharipov, Jamshid Iskanderov, Ikrom Aliboyev, Oston Oʻrunov singari milliy terma jamoamizning yetakchi futbolchilari ham shu dargohda charm toʻp sirlarini oʻzlashtirishgan.

ROZKning futbol boʻlimiga 24ta oʻringa 66ta bola hujjat topshirgan, demak raqobat ancha yaxshi va bu oʻz navbatida murabbiylarga eng kuchlilarni saralab olish imkonini beradi. Kollejning futbol boʻlimida yoshlarga uzoq yillar hakamlik qilgan, oʻz vaqtida bir qator nomdor jamoalarda toʻp tepgan Rustam Toshmuxamedov hamda “Paxtakor” va “Lokomotiv” kabi jamoalardagi chiroyli oʻyinlari bilan muxlislar yoqimtoyiga aylangan Zayniddin Tojiyevlar futbol sirlarini oʻrgatishadi.

Qabul imtihonlarini Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov kuzatib bordi. Soʻngra Ravshan Sayfiddinovich ROZK hududida barpo etilayotgan va shu yil ishga tushirilishi rejalashtirilgan gandbol markazining qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Markaz ishga tushgach, bu yerda nafaqat nufuzli xalqaro turnirlar, hatto yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatlarini ham oʻtkazish imkoniyati paydo boʻladi.

Shuningdek, Ravshan Ermatov kollejning suzish havzasi, yaʼni basseyn faoliyatini ham koʻzdan kechirdi. Bu yerda yosh sportchilarga yaratilgan sharoitlar Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosarida iliq taassurot qoldirdi.

Bir soʻz bilan aytganda, ROZKda bugun yaratilgan sharoitlar kechagidan tubdan farq qiladi. Faqat, buyogʻiga trener va sportchilardan oʻz ustilarida tinimsiz ishlab, yuqori marralarni zabt etishga intilish talab etiladi xolos. Zotan, yaratilayotgan sharoitlar yosh sportchilarimizdan yuksak natijalar kutishimiz uchun asos boʻla oladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati