Prezident litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari boʻyicha muhim farmonni imzoladi

Joriy yilning 24-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, 2020-yilda muddati tugaydigan barcha litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilish muddati 2021-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.

2021-yil 1-yanvarga qadar litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bilan bogʻliq barcha jarayonlarni qamrab olgan “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqiladi.

2021-yil 1-yanvardan:

  • litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich toʻliq elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;
  • litsenziya sohasidagi qonun buzilishlari haqida xabar bergan shaxslar huquqbuzarlik oʻz tasdigʻini topganda undirilgan jarimaning 10 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi;
  • litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni tugatish va bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Farmonga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

  • Trenerlik bilan shugʻullanishga ruxsatnoma bekor qilinadi;
  • Sport inshootlarini pasportlashtirish bekor qilinadi.

Farmonning toʻliq matni bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati