Ommaviy sport tadbirlari bosqichma-bosqich qaytmoqda

Jizzax viloyatida karantin qoidalari yumshatilishi munosabati bilan ommaviy sport tadbirlariga bosqichma-bosqich ruhsat berilmoqda.
Shu munosabat bilan 2020 yil 20 avgust kuni Jizzax viloyati Jizzax shahridagi “Yoshlar shaharchasi” hududida Аholi oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini keng targʼib qilishni tizimli yoʼlga qoʼyish, jamiyatda sogʼlom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, oʼsib kelayotgan yosh avlodni zararli odatlardan asrash hamda har bir mahalla, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va boshqalarda jismoniy tarbiya va sport faoliyatini samarali tashkil etish tizimini shakllantirish maqsadida "Biz – sogʼlom turmush tarzi tarafdorimiz!" shiori ostida ertalabki badantarbiya mashgʼulotlari tashkil etildi.
Bu borada Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 29 yanvardagi “Oʼzbekistonda sogʼlom turmush tarzini keng targʼib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish toʼgʼrisida”gi 65-son qarori dasturamal boʼlib xizmat qilmoqda.
150 nafardan ortiq 7 yoshdan 70 yoshgacha boʼlgan shahar aholisi ishtirokida tashkil etilgan ertalabki badantarbiya mashgʼulotlari soat 6:00 dan 6:30 ga qadar boʼlib oʼtdi. Mashgʼulotlar Jizzax viloyati hokimligi, Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda Jizzax viloyati teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etildi hamda koʼtarinki ruhda boʼlib oʼtdi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati