2020/2021 oʻquv yilidan Olimpiya zaxiralari kollejlari faoliyati tashkil etiladi

2020-yil 12-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Olimpiya zaxiralari kollejlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 480-sonli qarori qabul qilindi.

Unga koʻra, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari negizida olimpiya zaxiralari kollejlari tashkil etiladi va ularning faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yoʻlga qoʻyiladi.

Olimpiya zaxiralari kollejlarida taʼlim ikki bosqichda amalga oshiriladi:

1. Umumiy oʻrta taʼlim — 7-9 sinflar;

2. Oʻrta professional taʼlim — 9-sinfdan keyingi bir yillik taʼlim.

Olimpiya zaxiralari kollejining asosiy faoliyati jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali mutaxassislar hamda sportning olimpiya turlari boʻyicha terma jamoalarni shakllantirish uchun sport zaxirasini tayyorlashga yoʻnaltiriladi.

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab olimpiya zaxiralari kollejlarining oʻrta professional taʼlim bosqichida futbol boʻlimlari tashkil etiladi va ularda futbol boʻyicha mutaxassislar (sportchilardan tashqari) tayyorlanadi.

Qaror bilan, shuningdek:

- Olimpiya zaxiralari kollejlari toʻgʻrisidagi Nizom;

- Olimpiya zaxiralari kollejiga oʻquvchilarni qabul qilish, attestatsiyadan oʻtkazish va ularning oʻqishini koʻchirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom;

- Olimpiya zaxiralari kollejlarida oziq-ovqat bilan taʼminlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom kabilar ham tasdiqlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati