“Qadring baland boʻlsin, ona tilim” shiori ostida Respublika tanlovi oʻtkaziladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” shiori ostida Respublika tanlovini eʼlon qiladi.
Tanlovning asosiy maqsadi oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targʻib qilish, unga nisbatan milliy gʻurur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga ijodiy yondashuvni rivojlantirishdan iborat.
Tanlov quyidagi nominatsiyalarda oʻtkaziladi:
– Eng yaxshi badiiy asar (sheʼriy asar – 30 misragacha; nasriy hikoya – hajmi 3600 bosma belgigacha);
– Eng yaxshi publitsistik maqola (ocherk, lavha – hajmi 5400 bosma belgigacha);
– Oʻzbek tilining xorijdagi eng yaxshi targʻiboti (oʻzbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan yaratilgan xorijda oʻzbek tilini targʻib qilishga qaratilgan ilmiy, badiiy, musiqiy asarlar hamda audio, video mahsulotlar);
– Eng yaxshi ijtimoiy roliklar (audio, videorolikning davomiyligi 3 daqiqagacha);
Tanlov gʻoliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Eng namunali, gʻoyaviy-badiiy pishiq ijodiy ishlar ommaviy axborot vositalari orqali keng targʻib etiladi.
Ijodiy ishlar shu yilning 20-sentyabriga qadar “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” sarlavhasi ostida info@til.gov.uz elektron pochtasi yoki @Til_tanlovBot telegram manzili orqali onlayn qabul qilinadi.
Tanlov yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlarni www.til.gov.uz, www.manaviyat.uz saytlari hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining maxsus telefon raqamlari orqali bilib olishingiz mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati