Xorijiy trenerlar faoliyati muhokama qilindi

Bugun, 6-avgust kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov va Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirokida Ekspert komissiyasining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi. Yigʻilish onlayn tarzda Zoom platformasi orqali boʻlib oʻtdi. Uni Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov ham kuzatib bordi.
Dastlab, yigʻilishda sport turlari boʻyicha federatsiya va assotsiatsiya rahbarlarining sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalari aʼzolari boʻlgan sportchilarni tayyorlash uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish yuzasidan hisobotlari tinglandi. Unga koʻra, faoliyati samarali kechayotgan xorijlik mutaxassislar bilan oʻzaro hamkorlikni kamida yana bir yilga uzaytirish (chunki Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari kelgusi yilning iyul-avgust oylarida oʻtkaziladi), aksincha faoliyati kutilgan darajada samara bermayotgan xorijlik mutaxassislar bilan oʻzaro hamkorlikni davom ettirish masalasini qayta koʻrib chiqish kerakligi taʼkidlandi.
Shuningdek, yigʻilish davomida karantin davrida terma jamoa aʼzolarining holati va ularning bu davrda oʻz sport formalarini ushlab turishi boʻyicha muhim masalalar muhokama etildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati