QABUL-2020: OʻzDJTSUda qabul jarayonlari qanday boʻldi, nechta abituriyent hujjat topshirdi?

2020-2021-oʻquv yili uchun abituriyentlarni roʻyxatga olish yakunlandi.

Xabaringiz bor, Joriy yilda hujjatlar Davlat test markazi saytida, Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 20-iyundan 20-iyulgacha, 24/7 rejimida onlayn qabul qilindi.

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida
2020-2021 oʻquv yili uchun yettita yoʻnalishga hujjat qabul qilindi. Bular:

– Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport;

– Psixologiya (sport);

– Menejment (jismoniy tarbiya va sport menejmenti);

– Menejment (sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish);

– Marketing (sport);

– Sport faoliyati (voleybol, basketbol, badminton, gandbol, tennis, stol tennisi, regbi, kurash, belbogʻli kurash, suzish, eshkak eshish, sinxron suzish, ogʻir atletika, ot sporti, velosport, yengil atletika, triatlon, biatlon, dzyudo, karate VKF, sambo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, boks, taekvondo WTF, qilichbozlik, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, futbol, xokkey, togʻ-changʻi sporti, shaxmat).

Shu jumladan, xotin-qizlar sportini rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha.

OʻzDJTSUga 2020-2021 oʻquv yili uchun kunduzgi boʻlimga 1125 nafar, sirtqi boʻlimga esa 600 nafar talaba qabul qilinadi. Yana bir eʼtiborga molik jihat, sirtqi boʻlimga hujjat topshirishda abituriyentlardan maʼlum muddatli mehnat staji talab qilinmagan holda qabul qilindi.

Joriy yilda universitetga jami 19 407 (kunduzgi boʻlimga 12415 nafar, sirtqi boʻlimga 6992 nafar) nafar abituriyent oʻqish istagini bildirdi. Agar oʻtgan yil bilan solishtiradigan boʻlsak, 2019-2020 oʻquv yili uchun 9134 (kunduzgi boʻlimga 5735 nafar, sirtqi boʻlimga 3399 nafar) nafar abituriyent hujjat topshirib, oʻz omadini sinab koʻrgan edi. Raqamlardan ham koʻrinib turibdiki bu yil oʻqish istagini bildirganlar anchagina oshdi.

Yangi yoʻnalishlar haqida:

2020-2021 oʻquv yilidan eʼtiboran Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida yangi – 5 ta sport faoliyati (stol tennisi, regbi, karate VKF, togʻ-changʻi sporti, shaxmat) yoʻnalishi ochildi. Mazkur yoʻnalishlar uchun ajratilgan kvotalarga kelsak, kunduzgi taʼlim shakliga:

stol tennisi guruhiga 12 ta talaba (shundan 8 tasi oʻzbek guruhiga, 4 tasi rus guruhiga);

regbi guruhiga 15 ta talaba (shundan 10 tasi oʻzbek guruhiga, 5 tasi rus guruhiga);

karate VKF guruhiga 20 ta talaba (shundan 15 tasi oʻzbek guruhiga, 5 tasi rus guruhiga);

togʻ-changʻisi guruhiga 10 ta talaba (shundan 6 tasi oʻzbek guruhiga, 4 tasi rus guruhiga);

shaxmat guruhiga 12 ta talaba (shundan 8 tasi oʻzbek guruhiga, 4 tasi rus guruhiga) qabul qilinadi.

Sirtqi taʼlim shakli:

stol tennisi guruhiga 10 ta talaba (shundan
5 tasi oʻzbek guruhiga, 5 tasi rus guruhiga);

karate VKF guruhiga 20 ta talaba (shundan 15 tasi oʻzbek guruhiga, 5 tasi rus guruhiga);

togʻ-changʻisi guruhiga 5 ta talaba (shundan 3 tasi oʻzbek guruhiga, 2 tasi rus guruhiga);

shaxmat guruhiga 10 ta talaba (shundan 5 tasi oʻzbek guruhiga, 5 tasi rus guruhiga) qabul qilinadi. Regbi guruhiga qabul nazarda tutilmagan.

Karantin sababli sport faoliyati turlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar soddalashtirildi. Xususan oldingi yillari 3 blokda (MTT, UMJ vasuzish) sport turidan kasbiy (ijodiy) imtihon qabul qilinar edi.

Joriy yilda esa kasbiy (ijodiy) imtihonlar 2 ta blokda amalga oshiriladi. Suzish boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihon olib tashlandi. Faqat maxsus texnik tayyorgarlik (96 ball) va umumiy jismoniy tayyorgarlik
(93 ball) boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar qabul qilinadi.

Test sinovlari mavjud boʻlgan 4 ta taʼlim yoʻnalishlarida kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha 5230200 – Menejment (jismoniy tarbiya va sport menejmenti)”, 5230200 – Menejment (sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish), 5230400 – Marketing (sport marketingi) yoʻnalishlarida imtihonlar 1 – blok Matematika va 2 – blok Chet tili hamda
5210200 - Psixologiya (sport) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha esa 1 - blok biologiya, 2 - blok ona tili (rus tili) fanlaridan test boʻlib oʻtadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati