Yaponiyalik trener ishtirokida IJFning “Maktablarda dzyudo” dasturi boʻyicha mahorat saboqlari tashkil etilmoqda
Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu onlayn mahorat saboqlarini yaponiyalik taniqli mutaxassis, terma jamoa murabbiylar shtabi aʼzosi Tomoo Torii olib borayapti.
Xabaringiz bor, bu kabi mahorat saboqlari Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF)ning “Maktablarda dzyudo” dasturi doirasida tashkilotga aʼzo barcha mamlakatlarda amaliyotga tadbiq etib kelinmoqda.
Jumladan, Oʻzbekistonda ham ushbu dastur yoʻlga qoʻyildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridagi avvaldan tanlab olingan umumtaʼlim maktablarida dzyudo toʻgaraklari faoliyat yuritmoqda. Ushbu maktablarda 5-12 yoshli bolalar dzyudo orqali ijtimoiy, taʼlimiy va jismoniy koʻnikmalarni oʻrganishyapti.
Bu kabi onlayn saboqlar yurtimizda dzyudoning tez rivoj topishida va yosh dzyudochilarning vertikal tarzda kattalar terma jamoasiga tayyor boʻlib yetib kelishida muhim ahamiyat kasb etadi. Endilikda bu jarayonni viloyatlardagi murabbiy va sportchilar bilan hamkorlikda tez-tez oʻtkazish boʻyicha kelishib olindi.
Onlayn mahorat saboqlarini olib borgan yaponiyalik mutaxassis bir nechta usullarni amaliy tarzda koʻrsatib berdi. Reja boʻyicha onlayn-mashgʻulot uch kun davomida oʻtkaziladi. Har bir mashgʻulotda bevosita maktablarning dzyudo tarbiyalanuvchilari ham ishtirok etadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati