Roppa-rosa 16 yil muqaddam oʻzbek oʻgʻloni dunyo shaxmat tojini qoʻlga kiritgan edi

2004-yil 13-iyul. Bu sana oʻzbek sporti tarixiga zarhal harflar bilan bitildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Sababi, ushbu sanada oʻzbek oʻgʻloni, shaxmat boʻyicha xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonov Liviyaning Tripoli shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatida gʻalaba qozonib, bosh sovrinni qoʻlga kiritgan edi.

Rustam Qosimjonov 1979-yil 5-dekabrda Toshkent shahrida dunyoga keldi. Yoshligidan shaxmatga mehr qoʻydi va 5 yoshidan shaxmat bilan jiddiy shugʻullana boshladi. 15 yoshida esa oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdi. 1997-yilga kelib, yaʼni 18 yoshida xalqaro grossmeysterlik talabini bajaradi. Oradan bir yil oʻtib kattalar oʻrtasida ham qitʼada tengsiz ekanligini isbotlaydi. Shu tariqa u dunyo shaxmat olamida oʻz oʻrnini topib boradi.

2004-yilgi shaxmat boʻyicha jahon chempionatiga Liviya davlati mezbonlik qiladi. Bu paytda Rustam FIDE reytingida 54-oʻrinni egallab turgandi. Siyosiy sabablarga koʻra mazkur chempionatda bir qator yetakchi shaxmatchilar ishtirok etishdan bosh tortadi. Bu esa oʻsha vaqtda rosa kuchga toʻlgan Qosimjonov uchun ayni muddao edi. Qolaversa, baʼzi grossmeysterlarni inobatga olmaganda Liviyaga ham dunyo shaxmatining aksariyat peshqadamlari jam boʻlishgan edi.

Jahon chempionatida Rustam avvaliga ukrainalik Vasiliy Ivanchuk, soʻngra Vengriya vakili Zoltan Almashi, rossiyalik nomdor shaxmatchi Aleksandr Grishuk, oʻsha paytda jahon reytingida TOR-10dan joy olgan bolgariyalik Veselin Topalovlarni magʻlub etadi. Final bahsida unga angliyalik Maykl Adams roʻbaroʻ keladi. Unda avvaliga tomonlar 3-3 hisobida murosaga kelishadi, qoʻshimcha vaqtda esa omad hamyurtimizga kulib boqadi – 1,5:0,5. Shunday qilib u shaxmat tarixida jahon chempionligini qoʻlga kiritgan dunyodagi 17-shaxmatchiga aylandi.

Rustam Qosimjonovning oʻsha vaqtdagi gʻalabasi mamlakatimizda oʻziga xos shodiyonaga aylanib ketdi. Eng muhimi, bu olamshumul muvaffaqiyat yurtimizda shaxmat sportiga boʻlgan qiziqishni yana-da oshirib yubordi. Buning samarasi oʻlaroq yurtimizdan yangidan-yangi shaxmat isteʼdodlari yetishib chiqdi. Oʻzbekistonlik birinchi ayol grossmeyster Nafisa Moʻminova, oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov, eng yosh grossmeysterlardan biri Javohir Sindorov, uning ukasi Islombek Sindorov, koʻplab xalqaro turnirlar gʻolibi Nodirbek Yoqubboyev, ... Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Asosiysi, Rustamning oʻsha 16 yil muqaddam qoʻlga kiritgan tarixiy gʻalabasidan ilhomlangan oʻzbek shaxmat maktabi bugun dunyoda oʻz oʻrnini topib ulgurdi.

Rustam Qosimjonov esa jahon chempionatidagi gʻalabasidan keyin hukumatimizning yuksak mukofoti – Amir Temur ordeni bilan taqdirlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati