WADA haqida siz bilgan va bilmagan maʼlumotlar

WADA (World Anti-Doping Agency) – Butunjahon antidoping agentligi. Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi sport olamida dopingga qarshi kurashdir.
Agentlik 1999-yil 10-noyabrda Lozanna shahrida Xalqaro olimpiya qoʻmitasi va dunyo hukumatlari tomonidan tashkil etilgan. WADA asosini sportdagi dopingga qarshi kurashni targʻib qilish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun yaratilgan “Lozanna deklaratsiyasi” tashkil etadi.
Antidoping agentligining qarorgohi 2001-yildan hozirga qadar Kanadaning Monreal shahrida joylashgan.
Agentlikning shiori uning ishi mohiyatini ochib beradi – Play True (“Halol oʻyna”).
WADA prezidenti taʼsischilar kengashi tomonidan uch yilga saylanadi. Tashkilotning hozirgi prezidenti, sobiq yengil atletikachi Vitold Banka.
WADA funksiyalari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
doping namunalarini olish va tahlil qilish uchun masʼul laboratoriyalar va milliy antidoping markazlarini akkreditatsiya qilish.
taqiqlangan moddalar roʻyxatini qabul qilish, yangilash va nashr etish.
milliy vakolatxonalar va nodavlat tashkilotlarga antidoping dasturlarini ishlab chiqishda yordam berish.
laboratoriya bazasini rivojlantirish, stimulyatorli dorilarni aniqlash usullari boʻyicha dasturlarni joriy etishga hissa qoʻshish.
sportchilar huquqlarini hisobga olgan holda sanksiyalar, qoidalar, taʼsir qilishning intizomiy usullari va ularni birlashtirish uchun boshqa standartlarni muvofiqlashtirish.
doping tarkibidagi giyohvand moddalarni isteʼmol qilish bilan bogʻliq muammolarni hal qilish va ularning identifikatsiyalanishini kuzatishda davlat va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
taʼlim dasturlari orqali doping qabul qilish mumkin emasligini ragʻbatlantirish va targʻib qilish.
Antidoping agentligi xalqaro tashkilot boʻlganligi sababli, baʼzi mamlakatlarda ishlash uchun mintaqaviy va milliy antidoping tashkilotlari (RADO va NADO) zimmasiga masʼuliyat yuklaydi.
NADO roʻyxatida 139 boshqarma mavjud. Faoliyat sohasi musobaqalar paytida va undan tashqarida sportchilar, shu jumladan, agar ushbu mamlakatda musobaqalar oʻtkaziladigan boʻlsa, chet ellik sportchilarning namunalarini toʻplashni oʻz ichiga oladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati