Shahobiddin Zoirov: “Maqsadim - Tokio Olimpiadasida ham gʻalaba qozonish”

Boks boʻyicha ham Olimpiya oʻyinlari, ham Jahon chempionatining oltin medali sohibi boʻlgan Shahobiddin Zoirov karantin davridagi hayoti, mashgʻulotlar jarayoni, keyingi yil Yaponiyaning Tokio shahrida boʻladigan Olimpiya oʻyinlaridagi maqsadi va prof ringdagi rejalari haqida BOXER TV kanaliga intervyu berdi. Quyida ushbu qiziqarli suhbatni qisqartirilgan shaklda eʼtiboringizga havola qilamiz.

– Karantin davrida mashgʻulotlarni qanday davom ettirayapsiz?

– Biz sportchimiz, mashgʻulotlar esa bizning ishimiz. Oldinda bizni musobaqalar kutmoqda. Har qanday holatda ham sport formasida boʻlishimiz kerak. Bilasiz, Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritib boʻlganmiz. Shu boisdan Yangioboddagi bazamizda terma jamoamizning barcha aʼzolari bilan birgalikda mashgʻulotlar jarayonlarini olib borayapmiz. Bu yerda murabbiylar qoʻl ostida terma jamoaning yoshlar va kattalar toifasidagi barcha bokschilari yigʻilgan.

– Nega Shahobiddin Zoirov juda kam intervyu beradi?

– Toʻgʻrisi, intervyu berishni unchalik xushlamayman. Asosan janglarimdan soʻng intervyu beraman. Teleekran orqali koʻrinish beraverish unchalik yoqimli emas.

– Rio Olimpiadasida qoʻlga kiritgan oltin medalingizni qayerda saqlayapsiz?

– Bu oltin medal men uchun navbatdagisi xolos. Uni uyimda saqlayman. Har bir gʻalabam va medalim yuragimda. Hozirda asosiy maqsadim ikkinchi Olimpiadamda ham gʻalaba qozonish. Oʻzbek bokschilari orasida ikki karra Olimpiya oʻyinlari gʻolibi yoʻq. Men bu borada dastlabkisi boʻlishni istayapman.

– Professional boksdagi rejalaringiz qanday? Qachon toʻliq faoliyatingizni prof ringda davom ettirmoqchisiz?

– Professional boksda hozirgacha 3 ta jang oʻtkazdim. Har uchchalasida gʻalaba qozondim. Hozirda Buyuk Britaniyaning “MTK” promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqdaman. Bir necha yillik shartnomam bor. Olimpiya oʻyinlaridan soʻng bir nechta jang oʻtkazishni rejalashtirmoqdamiz. Rejam prof ringda ham kamarlar uchun jang qilish.

– Oilangiz haqida gapirib bersangiz.

– Oila qurganman. Bir nafar farzandim bor. Qizim yaqinda bir yoshga toʻldi. Hozirda ular Buxoroda – ota-onamning yonida.

– Umuman boksga qiziqish sizda qanday paydo boʻlgan?

– Boks bilan shugʻullanayotganimga 18 yildan oshdi. Dastlab doʻstlarim bilan boks toʻgaragiga qatnaganmiz. Keyinchalik musobaqalarda ishtirok eta boshladim. Kichik gʻalabalar bugungi gʻalabalarim uchun ilhomlantirdi.

– Mashgʻulotlar va janglardagi qiyinchiliklar tufayli boksdan ketish niyati paydo boʻlganmi?

– Boshqa bokschilarda boʻlganmi bilmadimu, ammo menda shunaqa niyat boʻlgan. Ayrim paytlarda jangda yutsangiz ham gʻalabani raqibga taqdim etishadi. 2016-yilgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi dastlabki musobaqada litsenziyani qoʻlga kirita olmaganman. Oʻshanda Qatarda oʻtkazilgan Jahon chempionatida xitoylik bokschiga gʻalabani taqdim qilishgan. Bundan jahlim chiqib, boksni tashlamoqchi boʻlgandim. Sababi hammasini boshidan boshlash kerak edi. Ammo, murabbiyim hammasi hali oldinda ekanligini, kuchli bokschi ekanligimni aytib, hammasini isbotlashim zarurligini uqtirdi. Keyinchalik Olimpiya oʻyinlariga saralash orqali yoʻllanma olganman va nufuzli musobaqada hammadan kuchli ekanligimni isbotladim.

– Uchinchi bor Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish haqida oʻylab koʻrganmisiz?

– Olimpiya oʻyinlarining uch karra gʻolibi boʻlish – bu juda yoqimli boʻlardi. Buni juda xohlayman. Vatanim bayrogʻi men tufayli jahon arenasida baland hilpirasa bu meni gʻururlantiradi.

– Vasiliy Lomachenko bilan jang qilish imkoniyati tugʻilsa rozi boʻlarmidingiz?

– Professional boksda ham katta maqsadlarni oʻz oldimga qoʻyganman. Agar Lomachenko bilan jang qilish kerak boʻlsa, albatta ringga chiqaman. Ammo, uning vazni menikidan biroz yuqori. Balki kelajakda vaznimni oshirib, u bilan jang qilish haqida oʻylab koʻrarman. Lekin, hozir faqat Olimpiya oʻyinlarida gʻalaba qozonish haqida oʻylayapman.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati