Belarus chempionatini titratayotgan Yaxshiboyev jamoasini oʻzgartirdi

Joriy yildan eʼtiboran Belarus chempionatida harakat qilayotgan hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev oʻz jamoasini oʻzgartirdi.

Asli transfer huquqi “Paxtakor” klubiga tegishli boʻlgan hamyurtimiz avvaliga ijara asosida “Energetik-BGU” klubi safida oʻynadi. Klub tarkibida Jasur Yaxshiboyev ichki chempionat doirasida 14 ta oʻyinda maydonga tushib, 9 ta gol kiritib, 3 bor sheriklariga samarali uzatmani amalga oshirdi.

Yorqin debyutdan soʻng futbolchimizga bir qator kuchli klublardan jiddiy takliflar tusha boshladi. Yaxshiboyev ular orasidan aynan Belorus chempionatida ishtirok etayotgan “Shaxtyor” klubini tanladi.

Hozirda 16 turdan soʻng 30 ochko toʻplab turnir peshqadami boʻlib turgan ushbu klub mavsum yakunida chempionlikni asosiy maqsad qilgan. shu boisdan bu yoʻlda joriy yilgi chempionatning eng yaxshi futbolchisi boʻlib turgan – Jasur Yaxshiboyevning xizmatlariga tayanishga qaror qilishdi.

Futbolchimizga yangi klubi safida yangi marralarni zab etishida va bu bilan Yevropaning eng kuchli chempionatlari klublarining nazariga tushishida omad tilab qolamiz.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati