Vazirlikda “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida oʻtkazilgan yigʻilishda besh jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobining taqdimoti oʻtkazildi.
Unda vazir oʻrinbosari Nodir Murotov Davlat tili borasidagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-son Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilganligi hamda qisqa muddatda Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligini maʼlum qildi.
Buning tasdigʻi sifatida Davlat tilini rivojlantirish departamenti buyurtmasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili adabiyoti va folklori instituti mutaxassislari tomonidan besh jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobining chop etilganligi muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Yigʻilishda Jismoniy tarbiya va sport vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Zokir Rasulov ham besh jilddan iborat “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi. Jumladan, mazkur toʻplam 80 000 dan ortiq soʻz va soʻz birikmalaridan iboratligi, muassasa va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning davlat tilida ish yuritish savodxonligi va malakasini oshirish, bilimlarini boyitishga koʻmaklashishda asosiy vosita ekanligini maʼlum qildi.
“Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi vazirlikning boshqarma va boʻlim boshliqlari, shuningdek, soha mutaxassislari tomonidan katta qiziqish va mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati