Marhamatda Erkin Vohidov nomidagi shaxmat va voleybol maktabi foydalanishga topshirildi

Andijon viloyatida yangitdan barpo etilgan Erkin Vohidov nomidagi shaxmat va voleybol maktabi yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun foydalanishga topshirildi.

Yurtimizdagi ulkan bunyodkorlik ishlarining namunasi sifatida Marhamat tumanidagi Alitepa mahallasida qurilgan, umumiy loyiha qiymati 4 mlrd 300 mln soʻmni tashkil etadigan sport taʼlim muassasasida mingga yaqin yoshlarning shaxmat va voleybol sport turlari boʻyicha mashgʻulotlar olib borishi uchun sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek sport maktabi qoshida mingdan ortiq sportga oid kitoblar bilan toʻldirilgan kutubxona ham tashkil etilib, mahalliy aholi foydalanishi uchun topshirildi.

Sport maktabining tantanali ochilish marosimida ishtirok etganlar kelajakda Marhamat tumanidan ushbu sport turlari boʻyicha bir nechta chempionlar yetishib chiqishiga umid bildirishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati