Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Bugun, 6-iyul kuni Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Konferensiya videoselektor shaklida oʻtkazildi.

Videoselektorda dastlab hukumatimiz tomonidan mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini yana-da rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Shundan soʻng, videoselektor kun tartibidagi asosiy masala - Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasiga yangi rais saylash koʻrib chiqildi. Federatsiya raisligiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Oʻktam Barnoyev nomzodi tavsiya qilindi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Shuningdek, konferensiyada federatsiya rahbariyati hamda 13 kishidan iborat Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari tarkibi ham saylandi. Unga koʻra, rais oʻrinbosarlari sifatida Feruz Abdullayev, Bahrom Norqobilov, Avaz Ismoilov va Kamol Xudoyberdiyev nomzodlari maʼqullandi. Shu bilan birga Kamol Xudoyberdiyev federatsiya bosh kotibi lavozimiga ham tasdiqlandi. Bungacha federatsiyada rais oʻrinbosari sifatida faoliyat olib borgan Bahrom Gaziyev hamda Akmal Toshevlar ham oʻz lavozimida qolishdi.

Videoselektor davomida yilqichilik va ot sporti federatsiyasining keyingi faoliyati boʻyicha takliflar bildirildi. Unga koʻra hududlarda ushbu sport turini yana-da rivojlantirish boʻyicha markazlar tashkil etish, sport inventarlari holatini oʻrganish va yangilash borasida kelishib olindi.

Shundan soʻng federatsiya hududiy boʻlimlarining ortda qolgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlari va kelgusi rejalari boʻyicha hisobotlari tinglandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati