Butunjahon dzyudo kunining logo va shiori eʼlon qilindi

Maʼlumki, har yili 28-oktyabr kuni butun kurrai zaminimizda Butunjahon dzyudo kuni keng nishonlanadi.

Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) bu yilgi bayram tantanalari uchun rasmiy logo hamda shior taqdim etdi. Unga koʻra, 28-oktyabr kungi barcha bayram tadbirlari “Birgalikda kuchmiz” shiori ostida oʻtkaziladi. Bayramning oʻzi esa koronavirus va irqchilikka qarshi kurash uchun bagʻishlanadi.

Eslatib oʻtamiz, dzyudo asoschisi Dzigoro Kano 28-oktyabr sanasida dunyoga kelgan. Butunjahon dzyudo kunining aynan shu kunda nishonlanishi ham bejiz emas, albatta. Oʻtgan yili Xalqaro dzyudo federatsiyasiga aʼzo 5 qitʼaning 200ga yaqin mamlakatida, shu jumladan Oʻzbekistonda ham oʻziga xos dzyudo bayrami keng tantana qilingandi. Avvaliga Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda barcha viloyatlarda boshlangan bayram tadbirlari kunning ikkinchi yarmida poytaxtga koʻchgandi.

Dzyudochilarimiz “Koʻchat ek” shiori ostida oʻtgan bayramda minglab daraxt koʻchatlarini ekishgan edi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati