Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

Xabaringiz bor, soʻnggi yillarda yurtimizda millionlar oʻyini boʻlgan futbol sport turini ommaviyligini oshirish, mamlakat futbolini sohada rivojlangan davlatlar bilan raqobatlasha oladigan darajaga olib chiqish boʻyicha qator amaliy ishlar tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilib, bajarilib kelinmoqda.

2019-yil 4-dekabrda “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni Oʻzbekistonda professional futbolni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Ushbu farmon ijrosini toʻliq taʼminlash maqsadida futbol mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga ilgʻor ilmiy-metodik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali futbol sohasida yetuk va chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlash kabi koʻplab masalalarga eʼtibor qaratib, kutilayotgan yakuniy natijalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi maqsad qilindi.

Futbolni atroflicha tahlil qilish natijasida mahoratli mutaxassislar yetishmasligi, zamonaviy futbolga zarur boʻlgan yana bir qator yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar kamligi aniqlandi.

Shubhasiz, futbolning bugungi rivojlanish tendensiyasi mamlakatimizda yaratilgan futbol infratuzilmasini malakali sport menejerlarini tayyorlash tizimiga moslashtirishni davrning oʻzi ham talab etmoqda.

Shu bois, xalqaro talab va standartlar asosida futbol boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash maqsadida futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi oʻz ishini boshladi. Bugun “Bunyodkor” stadionida ushbu markazning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, futbol faxriylari, terma jamoa murabbiylari, taniqli futbolchilar, markaz tinglovchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Mazkur markazda xalqaro futbol tashkilotlarining ishlab chiqqan dasturlari va sohadagi yetuk mutaxassislarini jalb qilgan holda trenerlik taʼlimi boʻyicha instruktorlarni tayyorlash yuzasidan ixtisoslashtirilgan kurslar tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, markaz mutaxassislari FIFA, UYEFA va OFKning trenerlar tayyorlash boʻyicha yetakchi xorijiy markazlarida muntazam stajirovka oʻtab borishi taʼminlanadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati