Yosh iste'dodli sportchi yuksak mukofotga munosib koʻrildi
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqida oʻtkazilgan tantanali tadbirda bir qator isteʼdodli yoshlar mukofotlanishdi. Eʼtiborlisi, Para atletika boʻyicha Oʻzbekiston Milliy terma jamoasi aʼzosi Asila Mirzayoreva ham shu kuni sportda erishgan yutuqlari uchun “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Umid qilamizki, bu kabi yuksak mukofot Asila Mirzayorevani yana-da ruhlantirib, unga kelajakda bundanda yuqori marralarni zabd etishida muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun, Asila Mirzayorova 1999-yil Qashqadaryo viloyatida tavallud topgan. Koʻrish qobiliyatini yoʻqotgan ushbu sportchimiz 2016-yildan buyon Paralimpiya boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Sardor Abduhaliqov qoʻl ostida muntazam shugʻullanib kelmoqda.
Asila oʻtgan davr mobaynida Yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdi va 2018-yil Indoneziyada oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida sovrindor boʻldi. Ayni damda u 2021-yil Tokio mezbonlik qiladigan yozgi Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma qoʻlga kiritish arafasida turibdi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati