Xiva tumanida ham zamonaviy sport majmua yoshlar ixtiyoriga topshirildi

Xorazm viloyati Xiva tumani “Gulshan” mahallasi yoshlari jismoniy tarbiya va sportni juda sevadi. Taʼbir joiz boʻlsa aytish kerak, mahallaning sport bilan shugʻullanish istagida boʻlgan yoshlari qishning sovugʻida, yozning jazirama issigʻida bir necha chaqirim yoʻl bosib Xiva shahridagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabiga qatnashardi.
Nihoyat, mahalla ahli, xususan, ularning sportsevar farzandlarining koʻp yillik orzusi ushaldi. “Pahlavon avlod” oilaviy korxonasi tashabbusi bilan mahalla markazida qarovsiz qolgan stadion oʻrnida koʻp qirrali zamonaviy sport majmuasini bunyod etildi. Majmuada gandbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, badminton maydonchalari, sunʼiy qoplamali mini futbol maydoni, kurash va trenajyor zal, shuningdek, yugurish yoʻlakchasi va uzunlikka sakrash sektori ham mavjud. Taʼkidlash joiz mazkur sport majmua xalqaro talablar asosida jihozlangan.
30-iyun “Yoshlar kuni” kuni munosabati bilan bugun sport majmuasini ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari S.Salayev, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi O.Polvonov hamda bir qator sport mutasaddilari ishtirok etib, oʻzlarining iliq fikrlarini bildirishdi.
Bugungi kunda sport har bir xonadonga, har bir oilaga kirib boryapti. Mamlakatimizda ayollar va bolalarni sport va jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanishlari uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar bu borada dasturilamal vazifasini oʻtayotir. Soʻnggi yillarda sportimiz ommaviylashib, u hamyurtlarimizning doimiy hamrohiga aylanmoqda. Natijada, Oʻzbekistondan koʻplab Osiyo, jahon va Olimpiada oʻyinlari chempionlari yetishib chiqdi va chiqmoqda, - dedi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi Ortiq Polvonov.
Sport majmuasining yana bir eʼtiborli jihati shundaki bu yerda favvora suhbatlashish ayvoni va bolalar attraksionlarini qamrab olgan “Dam olish xiyoboni” ham tashkil etilgan.
Ayni damda bu yerda yetti nafar kishi muqim ish oʻrni bilan taʼminlandi. Kelgusida mazkur sport majmuasini davlat-xususiy sherikchilik asosida sport maktabiga aylantirish rejalashtirilgan. Buning natijasida 40 ga yaqin sport mutaxassisi ish oʻrniga ega boʻladi.
Endilikda Xiva tuman “Gulshan” mahallasida bunyod etilgan majmuadan Oqyop, Qoraqum, Eski Qiyot, Boʻston va Doshyoq mahallalari aholisi foydalanishi mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati