Respublika oʻsmirlar oliy sport mahorati maktabi faoliyati bilan tanishildi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ishchi guruhi Toshkent shahrida joylashgan Respublika oʻsmirlar oliy sport mahorati maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Jami 15 ta sport turi boʻyicha 800 nafarga yaqin sportchi yoshlarni tarbiyalayotgan ushbu sport taʼlim muassasasida ayni paytda yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik, pandemiyadan keyingi davrda sportchilarning mashgʻulotlar oʻtkazishlari uchun shay holatga keltirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda turli sport turlari boʻyicha jami 80 nafardan ortiq Milliy terma jamoa aʼzolari ushbu sport maktabida tarbiyalanmoqda. Sport maktabida 2 nafar jahon chempionati, 10 nafar Osiyo chempionati, 57 nafar Oʻzbekiston chempionati va kubogi gʻolibi va sovrindorlari 45 nafar trenerlar qoʻlida mashgʻulotlar olib bormoqda.

Respublika oʻsmirlar oliy sport mahorati maktabida olimpiya sport turlarini yana-da rivojlantirish, bu borada trenerlar salohiyatini yuksaltirish va ularning mashgʻulotlar jarayonini sifatli olib borishlari uchun kerakli koʻrsatmalar berildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati