Olimpiya va Osiyo oʻyinlari sovrindorlari bilan mashhur sport maktabi faoliyatiga nazar

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Ishchi guruhi Namangan shahrida joylashgan Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabining ayni damdagi holati bilan yaqindan tanishishdi.

Toʻrtta yirik bazaga ega boʻlgan sport maktabi qoshidagi sport inshootlarida bir kunda 2 mingdan ziyod aholi turli sport turlari boʻyicha mashgʻulotlarda band boʻlishadi.

2016-yilda Namangan shahar YAKSTIBOʻSMga aylantirilgan ushbu muassasada 15 sport turi boʻyicha jami 80 nafar trenerlar 762 nafar sportchi yoshlarga kelajakda har bir musobaqalarda yuqori natijalarga erishishi yoʻlida saboq berib kelyapti.

Eʼtiborlisi, ushbu sport maktabida Namangan viloyatida yagona boʻlgan zamonaviy velotrek bazasi mavjud. Hozirda 4 nafar trener velosportning ommalashuvi yoʻlida xizmat koʻrsatayapti. 40 nafardan ortiq yoshlar ushbu sport turi bilan professional darajada shugʻullanmoqda.

Ushbu sport maktabidan jahonga mashhur sportchilardan Olimpiya oʻyinlari va jahon chempionatlari sovrindori Rustam Assakalov, yoshlar oʻrtasida Jahon va Osiyo chempioni Adham Ergashev, Osiyo oʻyinlari sovrindorlari Bahriniso Boboyeva va Muxlisa Abdumalikovalar yetishib chiqqan.

Bundan tashqari yosh sportchilar oʻrtasida qator xalqaro musobaqalar gʻoliblari tarbiyalanmoqda. Ushbu sport maktabidan hozirda 66 nafar iqtidorli sportchilar Milliy terma jamoalarimiz aʼzolari sanalishadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi 
Matbuot xizmati