Namanganda jahon standartlariga mos bazalarda milliy terma jamoa uchun eng koʻp sportchi yetkazib berayotgan sport maktabi haqida (fotogalereya)

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ishchi guruhi oʻz faoliyatini Namangan shahridagi sport taʼlim muassasalarini oʻrganish bilan davom ettirmoqda.
Jumladan, shaharda joylashgan nafaqat viloyatda, balki respublika boʻyicha yirik, zamonaviy sport bazalariga ega boʻlgan muassasalardan biri Namangan shahar sport oʻyinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabining bugungi holati, undagi yosh sportchilar va aholining sport bilan mashgʻul boʻlishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
2 ta yirik sport majmuasiga ega boʻlgan mazkur ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida jami 20 ta sport inshootlari mavjud boʻlib, bir vaqt ichida 15 xil sport turi bilan shugʻullanish mumkin.
Sport maktabida 55 nafar trenerlar 88 nafarga yaqin yosh sportchilarga har qanday sharoitda yengilmaslik, faqat yuqori marralarni koʻzlagan holda oldinga harakatlanish va kelajakda chempion degan nomga munosib boʻlish sirlarini oʻrgatishmoqda.
Qilinayotgan mehnatlar oʻz samarasini bermay qolmayapti. 2019-yilining oʻzida ushbu sport maktabi tarbiyalanuvchilari tomonidan respublika va xalqaro musobaqalarda jami 156 ta medal qoʻlga kiritildi. Ularning 67 tasini eng yuqori probali medallar tashkil etishi esa, kelajakda yangidan-yangi Olimpiya chempionlarining munosib poydevori mavjud ekanligini anglatadi.
Sport maktabida bugungi kunda Humoyun Sultonov, Abdulhay Ismoilov, Sayyora Abduhalilova, Sitora Gʻaybullayeva kabi yuzlab umidli sportchilar tarbiyalanmoqda.
Ushbu sport majmualari 2019-yilning oʻzida 20 dan ortiq respublika va xalqaro toifadagi nufuzli musobaqalarga mezbonlik qildi.
Eʼtiborlisi, zamonaviy sport bazalarida bir kunda yosh sportchilardan tashqari 2 mingga yaqin aholi oʻz sogʻliklarini tiklash maqsadida sport bilan doimiy shugʻullanishmoqda.
Quyida sport maktabining zamonaviy majmualarini aks ettiruvchi foto lavhalarni e'tiboringizga havola etamiz:
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati