“Yoshlar oyligi” doirasida sportchi-yoshlar oʻrtasida “Yoshlar kubogi” sport musobaqalari oʻtkaziladi

Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrugʻi bilan joriy yil 28-iyun kuni “Yoshlar oyligi” doirasida stol tennisi, mini futbol, voleybol, badminton sport turlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda viloyatlar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tomonidan yoshlar oʻrtasida ommaviy sport musobaqalari oʻtkaziladi.

Shuningdek, respublikamiz miqyosida yugurish boʻyicha aholi oʻrtasida “30-iyun – Yoshlar kuni”ga bagʻishlab “onlayn marafon” musobaqasi ham boʻlib oʻtadi. Ushbu musobaqada mamlakatimizning har bir fuqarosi ishtirok etishi mumkin. “Onlayn marafon”da qatnashish uchun Yoshlarsport.com manzili orqali roʻyxatdan oʻting va musobaqa gʻolibiga aylaning. Yakunda sizni qimmatbaho sovgʻalar kutmoqda.

Musobaqalar respublikamizning “yashil” toifaga mansub hududlarida tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hududiy hokimliklar, Sogʻliqni saqlash va Ichki ishlar boshqarmalari bilan kelishilgan holda oʻtkaziladi.

“Yoshlar kubogi” sport musobaqalari Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 29-maydagi qaroriga muvofiq sanitariya qoida va meʼyorlari talablari saqlangan holda (ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqob taqish, antiseptik vositalar bilan tez-tez qoʻllarni dezinfeksiya qilish va oʻyingohga sportchilarni navbatma-navbat kiritish) tashkil etiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati