“Maktablarda dzyudo” dasturi doirasida umumtaʼlim maktablariga tatami va kimonolar yetkazib beriladi
“Maktablarda dzyudo” – bu Xalqaro dzyudo federatsiyasining oʻziga xos loyihasi boʻlib, dasturning asosiy maqsadi 5-12 yoshli bolalarni dzyudo orqali ijtimoiy, taʼlimiy va jismoniy koʻnikmalarga oʻrgatishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mamlakatimizning yigirmata umumtaʼlim maktabida “Maktablarda dzyudo” dasturini amalga oshirishga kelishib oldi.
Hozirga qadar, “Maktablarda dzyudo” dasturi mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan 20 ta maktabni qamrab olgan edi.
Joriy yilning 15-yanvarida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, IJF prezidenti Marius Vizer hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov “Maktablarda dzyudo” dasturi boʻyicha hamkorlik bitimini imzolagan edi.
Mazkur bitimga asosan “Maktablarda dzyudo” dasturiga yana 20 ta umumtaʼlim maktabini jalb etish va ularning sonini 40 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Kelishuv doirasida IJF Oʻzbekistonga har bir maktab uchun bittadan tatami va bolalar uchun 50 ta kimono taqdim etdi. Yaqin kunlar ichida tatami va kimonolar dastur doirasidagi maktablarga yetkazib beriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridagi ushbu maktablar qoshida tashkil etiladigan toʻgaraklarda esa jami 900 nafarga yaqin oʻquvchining dzyudo bilan muntazam shugʻullanishi taʼminlanadi.
Mazkur loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning ikkinchi yoʻnalishini amalga oshirishda oʻz hissasini qoʻshadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati