Ishchi guruh Pop tumani sport maktabi faoliyatini oʻrganmoqda

Avval xabar qilganimizdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini oʻrganish maqsadida Namangan viloyati boʻylab xizmat safarida boʻlib turibdi.
Maʼlumki, oxirgi yillarda respublikamizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kecha ishchi guruh tomonidan kunning ikkinchi yarmida Pop tumanida jismoniy tarbiya va sport sohasida olib borilayotgan ishlar va sport maktablarida shugʻullanayotgan iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda ulardan sport turlari boʻyicha hududiy terma jamoalarni shakllantirish boʻyicha qilingan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Tumandagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabida 1058 nafar yoshlar sportning 19 ta turi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtakazib kelgan. Sportchilarga jami 43 nafar trener saboqlar berib kelar edi. Ayni paytda tuman “qizil” hududlar toifasiga kiritilganligi sababli ushbu taʼlim muassasasi vaqtinchalik ish faoliyatini toʻxtatib turibdi.
Tuman dzyudo, boks va yunon-rum kurashi sport turlariga ixtisoslashtirilgan boʻlib, sport maktabida ushbu sport turlaridan Milliy terma jamoa aʼzolarini yetishtirib chiqarish boʻyicha izlanishlar olib borilmoqda.
Ishchi guruh tomonidan muassasaning faoliyati oʻrganilib, Prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport vazirining ichki buyruqlari ijrosi yuzasidan kerakli koʻrsatmalar berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati