Ishchi guruh Namangan viloyati sportining rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oʻrganishni boshladi

Keyingi yillarda Jismoniy tarbiya va sport sohasiga Hukumatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilib, sohani rivojlantirish maqsadida qator qaror va farmonlar ishlab chiqildi.

Mamlakatimiz boʻylab sportni yangi bosqichga olib chiqish va uni yana-da ommalashtirish borasida islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh viloyatlar boʻylab xizmat safarlarida boʻlib, joylardagi real holatni atroflicha oʻrganmoqda.

Kecha, 23-iyun kuni ishchi guruh Namangan viloyatida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, bu borada hududlardagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish va ish jarayonlarini tashkil etishda mahalliy mutasaddilarga uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida viloyatda oʻz ish faoliyatini boshladi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad hududlardagi sport taʼlim muassasalarining kadrlari salohiyati va trenerlarga boʻlgan ehtiyoji, hududlarning sport turlariga ixtisoslashuvi, moddiy texnik bazasining holatini yana-da rivojlantirish, sport inventarlari soni va bugungi holati, terma jamoa aʼzolarini shakllantirish masalalarida mavjud muammolarni mahalliy mutasaddilar bilan birgalikda oʻrganib, ularga yechim topish va bu borada aniq chora tadbirlar ishlab chiqishdan iborat.

Ayni paytda Namangan viloyatidagi sport taʼlim muassasalari karantin sababli oʻz ish faoliyatini toʻliq toʻxtatgan. Shunday boʻlsada, karantindan keyingi davrda bu yerda sportni tezda jonlantirish va sportchi yoshlarning mashgʻulotlar olib borishlari uchun bekam-u koʻst sharoit yaratish boʻyicha mehnat qilinmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati