Qashqadaryo viloyatining “yashil” toifasiga kiruvchi hududlarida sport qayta jonlantirildi

Yurtimizga koronavirus pandemiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 29-maydagi qaroriga asosan 2020-yil 1-iyundan “yashil” hududlarda sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes klublar, 5-iyundan esa basseynlar, yaʼni suzish havzalari faoliyatiga ham ruxsat berildi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatining “yashil” toifasiga kiruvchi hududlaridagi sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes klublari karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻymoqda.
Sport inshootlari, shu jumladan, ochiq maydonlarning kirish-chiqish joylarida fuqarolarning tana haroratini pirometrlarda oʻlchash, 37°S va undan yuqori tana harorati boʻlgan fuqarolarni sport inshootlariga kiritmaslik va bu haqida sogʻliqni saqlash boʻlimlariga xabar berish, sport tadbirlari hamda badantarbiya mashgʻulotlari soat 07:30 dan 18:30 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida tashkil etilishiga qatʼiy amal qilinmoqda.
Shu bilan birga, sport inshootlarida mashgʻulotlar boshlanishi oldidan va kun davomida bir necha marotaba dizenfiksiya ishlari amalga oshirilyapti. Sportchilar ham niqoblarda boʻlishi va mashgʻulotlarda ijtimoiy masofaga amal qilinishi qatʼiy nazorat qilinmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, sportchilar va trenerlar salomatligini asrashdan iborat.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati