Jizzaxda “Yoshlar oyligi” munosabati bilan sport tadbirlari tashkil etilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2020-yil 1-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra hududlarda sport mashgʻulotlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 645-sonli buyrugʻiga asosan, viloyatimizda sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va Fitnes-klublar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yilning 20-iyun kuni Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi tashabbusi bilan tuman hokimligi, tuman “Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi”, “Yoshlar ittifoqi” tuman kengashi bilan hamkorlikda “Yoshlar oyligi” munosabati bilan “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida piyoda yurish marafoni boʻlib oʻtdi.

Keksa faxriylarni hamda yoshlarni jismoniy tarbiya mashgʻulotlariga keng jalb etish hamda ularni jismoniy chiniqtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 100 nafardan ortiq yoshlar, 50 nafardan ortiq keksa faxriylar ishtirok etdi.

Dastlab, ishtirokchilar soat 7:00 da “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida tuman markazi “Mustaqillik” koʻchasi boʻylab 2 km masofani piyoda yurib oʻtdilar. Shundan soʻng barcha ishtirokchilar tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabi futbol oʻyingohida ertalabki badantarbiya mashgʻulotlarini bajarishdi.

Tadbirdan soʻng faol ishtirok etgan keksa faxriy va yoshlar hamkor tashkilotlar tomonidan taqdirlandi. Tadbir yakunida soʻng keksa nuroniylar va yoshlar oʻrtasida davra suhbati tashkil etildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati