Shovot tumani chekka hududlari aholisi uchun alohida sport maktabi ishga tushirildi

Xorazm viloyatining Shovot tumanida yana bir Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi foydalanishga topshirildi.

Maʼlumot uchun, shu paytga qadar tumanning “Choʻqli” qishlogʻida mahalliy yoshlar uchun Shovot tumani 1-son Bolalar-oʻsmirlar sport maktabining filiali faoliyat koʻrsatayotgan edi.

Chekka hududlarda cport-taʼlim muassasalaridan foydalanish darajasini va ularning faoliyati samaradorligini yana-da oshirish, bolalarni sport bilan muntazam ravishda shugʻullanishga jalb etishni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta muhim tashabbusida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ushbu 2- son Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi Shovot tumani chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholi va yoshlar uchun xizmat koʻrsatadi.

Ushbu sport maktabida nafaqat “Choʻqli” qishlogʻi, balki “Oʻzbekiston”, “Chigʻatoyqalʼa”, «Ijtimoiyat», “Qangli” va “Hurriyat” qishloqlari aholisining farzandlari ham sportdagi imkoniyatlarini yana-da oshirish uchun taʼlim olishadi.

“Ilgari bu yerda tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabining filiali faoliyat yuritayotgan edi. Undagi seksiyalar soni bor-yoʻgʻi 5 ta – futbol, stol tennisi, voleybol, dzyudo, kurash turlaridan iborat boʻlib, bu shu hududda yashovchi oʻgʻil-qizlarning barchasini qamrab olishga imkon bermasdi. Endilikda, ular qatoriga boshqa sport turlari ham qoʻshilib, seksiyalarning soni ikki barobarga oshiriladi. Qolaversa, ular malakali trenerlar bilan taʼminlanadi. Bundan koʻzlagan asosiy maqsadimiz, tumanlar markazlaridan olisda joylashgan qishloq yoshlari orasida jismoniy tarbiya va sport targʻibotini keng quloch yoydirish, buning barobarida, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishdan iboratdir” – deya oʻz fikrlarini bildirdi Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi v.v.b Artik Palvanov.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati