Peshku tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabi xodimlarining majburiy mehnatga jalb etilganligi yuzasidan rasmiy bayonot

Bugun, 19-iyun kuni Kun.uz rasmiy sayti orqali Peshku tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabida trenerlarning majburiy mehnatga jalb qilinganligi toʻgʻrisida xabar eʼlon qilindi.
Ushbu xabar eʼlon qilinishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi topshirigʻiga asosan, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbari boshchiligidagi masʼul xodimlar mazkur holatni oʻrganish maqsadida Peshku tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga yetib bordi.
Maʼlumki, Respublika Maxsus komissiyasi tomonidan pandemiya talablarining yumshatilishi natijasida respublikamizning barcha “yashil” hududlaridagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablarida sport seksiyalari va toʻgaraklari faoliyati qayta tiklanmoqda.
Pandemiya davrida ikki oydan ortiq vaqt davomida karantin talablariga rioya qilish maqsadida bolalar va oʻsmirlar sport maktabi toʻliq ish faoliyatini toʻxtatgan. Endilikda sport maktabida sport seksiyalari faoliyati qayta tiklanishiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida ichki imkoniyatdan kelib chiqqan holda maktab jamoasi maktab hududlarini obodonlashtirish uchun ixtiyoriy ravishda shanbalikka taklif etilgan.
Masʼullar tomonidan holat oʻrganilgach, xodimlarga oʻz faoliyatidan ortiqcha vazifa bergan Peshku tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi boshligʻi hamda tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabi direktoriga intizomiy jazo choralari qoʻllanildi. Shuningdek, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻiga bu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligi yuzasidan qattiq ogohlantirish berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi trenerlar va xodimlarning oʻzboshimchalik bilan majburiy mehnatga jalb etilishini oldini olish maqsadida tizimdagi barcha tashkilot va muassasalarda tushuntirish ishlarini kuchaytiradi.
Maʼlum qilamizki, mahalliy yoshlar uchun Peshku tumani bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga qarashli markaziy oʻyingoh investitsiya dasturi asosida qayta rekonstruksiya qilinib, joriy yilning oʻzida foydalanishga topshiriladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Kun.uz tahririyatiga bu kabi holatlar boʻyicha munosabat bildirganligi uchun minnatdorlik bildiradi va kelgusida jismoniy tarbiya va sportni aholi orasida ommalashtirish borasida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati