Sirdaryo viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi “Xalqaro olimpiya kuni” munosabati bilan mega aksiya eʼlon qiladi

Xabaringiz bor, har yili 23-iyun kuni butun dunyo boʻylab Olimpiya kuni keng nishonlanadi. Ommaviy sport musobaqalari va sport sayllari uyushtirilib sogʻlom turmush tarzi targʻib qilinadi.

Hozirda butun dunyo boʻylab pandemiya sababli ommaviy sport tadbirlari vaqtincha bekor qilingan boʻlsada, yoshlarni mazkur sport tadbirini onlayn tarzda va eng muhimi doʻstlar davrasida nishonlashga chorlaymiz.

Buning uchun joriy yilining 17-iyun kunidan 27 kuniga qadar Sirdaryo viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan tashkil etiladigan “Doʻstlaringiz bilan olimpiya kunini nishonlang” shiori ostidagi mega aksiyasida ishtirok eting va jamoaviy tarzda qimmatbaho sovgʻalar egasiga aylaning.

Aksiya shartlari quyidagicha:

Oʻzingiz shugʻullanadigan sport turi boʻyicha doʻstlaringiz yoki yaqinlaringiz bilan mashgʻulotlarni birgalikda bajaring va uni videoga oling;
Mashgʻulotlar jarayonida kreativ (oʻzgacha) gʻoyalardan foydalaning;
Mashgʻulot soʻngida jamoangiz bilan birgalikda “BIZ SPORTNI TANLAYMIZ! SIZ HAM SAFIMIZGA QOʻSHILING!” degan jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga daʼvat etuvchi shiordan foydalaning;
Har bir ishtirokchi karantin qoidalariga amal qilgan holda tibbiyot maskasi va oraliq masofani saqlang. Videoni #OlympicDayUz2020 #OlympicDayUz xeshteglari ostida telegram guruhimizga (https://t.me/OlimpiyaKunigaTanlov) joylang.

Videolarni baholashda quyidagilarga eʼtibor beriladi:

Jamoa aʼzolari sonini koʻpligi;
Mashgʻulotlarni bajarishdagi aniqlik va bir xilligi (bir maromda bajarish);
Sport formasi tanlagan sport turiga mosligi;
Mashgʻulot soʻngidagi chaqiriq;
Mashgʻulotlarga kreativ (oʻzgacha) yondashuv.

Eslatma: Videolar 3 daqiqadan oshmasligi lozim. Bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida mashgʻulotlar boshlanganligini inobatga olgan holda sport zallari, suzish havzalari, sport maydonlari va maydonchalaridan guruhingizdagi shugʻullanuvchilar bilan ham jamoaviy ishtirok etishingiz mumkin.

Aksiyada viloyatimizning barcha aholi qatlami ishtirok etishlari mumkin yosh chegaralanmagan.

Siz tomoningizdan yuborilgan videolar maxsus hakamlar hayʼati tomonidan aniqlanadi.

Eng muhimi, bu aksiyada gʻoliblar turli oʻrinlar bilan emas, “Eng kuchli jamoa”, “Eng faol jamoa”, “Eng yaxshi sportni targʻib etuvchi jamoa” kabi nominatsiyalar boʻyicha aniqlanadi.

Aksiya Sizni qiziqtirib qoʻygan boʻlsa unda vaqtni ketkazmang, oʻz jamoangizni shakllantirib aksiyamizda ishtirok eting va qimmatbaho sovrinlar egasiga aylaning!

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati