Oʻzbek tilining xalqaro nufuzini oshirishda yuqori natijalarga erishgan har bir sportchining oʻz oʻrni bor

Oʻzbekistonda 1989-yil 21-oktyabrda el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti va mustaqilligi sari qoʻyilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan shu tarixiy hujjatga binoan oʻzbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega boʻldi.

Istiqlol yillarida ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.

Bugun Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yana-da yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda.

Oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish kuchaymoqda.

Jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki xalqaro maydonlarda ham oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yuksaltirish borasida oʻz oʻrniga ega. Buni quyidagilar misolida koʻrishimiz mumkin.

Mamlakatimizda oliy qomus hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4- va 5-moddalariga muvofiq qonun bilan himoya qilinadigan davlat ramzlari – bayroq, gerb, madhiya hamda oʻzbek tilidir. Mazkur davlat ramzlari orqali OʻZBEKISTONning jahon maydonlarida nufuzini oshirish boʻyicha mujassamlashgan holda namoyon boʻladigan holat faqat sportchilar hayotida juda koʻp sodir boʻladi desam mubolagʻa boʻlmaydi.

Mustaqillik yillarida Respublika, Osiyo hamda Jahon miqyosida oʻtkazib kelingan sport musobaqalarining gʻoliblik shohsupasiga koʻtarilgan barcha sportchilarimiz sharafiga Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi yuqori koʻtarilib, gʻolib sportchilarimizning qoʻllari koʻksiga qoʻyilgan rasmiy liboslarida davlat gerbi tasviri aks etgan holda shohsupaning eng yuqori pogʻonasida turganida, davlat madhiyasi oʻzbek tilida yangraydi. Qolaversa sportchi tomonidan faxr tuygʻusi bilan oʻzbek tilida jonli kuylanadi.

Tilshunoslik sohasi tadqiqotchilarining ilmiy xulosalariga koʻra, yer sharida hammasi boʻlib taxminan 5 621 ta TIL va SHEVAlar mavjud boʻlib, hozirgacha ulardan 500 tasigina oʻrganilganligi, har uch tildan bittasining yozuvi boʻlmay, faqat ogʻzaki nutq shakliga ega ekanligi hamda jahondagi 1 400 ta tilning yoʻqolib ketish xavfi mavjud.

Dunyo tillaridan faqat 40 tasigina ogʻzaki va yozma jihatdan mukammal shakllangan deb hisoblanadi va oʻsha tillar orasida OʻZBEK TILIning ham borligi, bu har bir yurtdoshimizda ona tilimizga nisbatan faxr iftixor tuygʻusini uygʻotishi tabiiy.

Mukammal shakllangan 40 ta tilning biri sifatida oʻzbek tilining jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishida oʻzbek sportchilari xalqaro musobaqalarda ishtirok etuvchi boshqa davlatlar orasida OʻZBEKISTON SHARAFIni munosib himoya qilish orqali oʻzlarining hissalarini qoʻshib kelishmoqda. Demak, Oʻzbekiston sharafini belgilovchi eng asosiy ramzlarni va qolaversa shu orqali OʻZBEKISTONni dunyo miqyosida tanitish hamda shaʼnini munosib himoya qilish har bir SPORTchi zimmasidagi eng oliy vazifalardan biridir.

Bir soʻz bilan aytganda oʻzbek tili oʻzbek xalqining maʼnaviy mulkidir. Maʼnaviy mulkni himoya qilish, yana-da rivojlantirishda shoirlar oʻz sheʼrlari, yozuvchilar oʻz asarlari, boshqa kasb egalari oʻz mehnatlari bilan, sportchilar esa jahon maydonlarida qoʻlga kiritiladigan yuqori natijalari bilan oʻz hissalarini qoʻshadilar.

Har bir sportchi qayd etadigan natijada ona yurt taqdiriga daxldorlik mujassam. Shunday ekan, barcha sportchilarimizga kelgusida ulkan zafarlar, muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Zokir Rasulov

Jismoniy tarbiya va sport vazirining
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini
taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi