Endi jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari uch yilda oliy maʼlumotga ega boʻlishadi

“2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan sport sohasida oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida “Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati uch yil etib belgilandi. Maʼlumot uchun, bungacha Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqish muddati toʻrt yil edi.

Sport faoliyati taʼlim yoʻnalishida oʻqish muddatining bir yilga qisqartirilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5924-sonli farmonida belgilab berilgan, 2025-yilgacha davlat sport taʼlimi muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibi, xususan oliy maʼlumotli xodimlar sonini bosqichma-bosqich 80 foizgacha yetkazish borasidagi vazifani bajarishda qoʻl keladi.

Darvoqe, “2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga muvofiq 2020/2021 oʻquv yili uchun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga 1 300 nafar talaba oʻqishga qabul qilinishi belgilangan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 10 foizga koʻp demakdir.

Eslatib oʻtamiz, pandemiya sababli 2020/2021 oʻquv yili uchun kirish imtihonlari optimallashtirildi. Unga koʻra, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti abituriyentlari joriy yilda kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ikkita yoʻnalishda imtihon topshiradi. Shuningdek, kasbiy (ijodiy)+test shaklidagi taʼlim yoʻnalishlarida esa abituriyentlar avvalgidek ikkita emas, balki bitta yoʻnalishda ijodiy imtihondan oʻtishadi.

Prezident qarori bilan, 2020/2021 oʻquv yili uchun qabul jarayoni 2020-yil 20-iyundan 20-iyulgacha davom etishi belgilangan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati