Superliga oʻyinlarini oʻtkazish boʻyicha sanitariya talablari bilan tanishmisiz?

Avval xabar berganimizdek, ertadan boshlab futbol boʻyicha Oʻzbekiston Superligasining navbatdagi tur oʻyinlari start beriladi. Ushbu musobaqani oʻtkazish uchun qanday sanitariya talablari ishlab chiqilgan?
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra, 2020-yil 5-iyundan Oʻzbekiston professional futbol ligasi chempionatlarini davom ettirishga ruxsat berilgan.
Futbol boʻyicha Superliga oʻyinlarini oʻtkazishda quyidagi asosiy talablarga rioya qilinishi lozim:
bitta uchrashuvdagi ishtirokchilarning (jamoalar, tashkilotchilar va OAV xodimlari) umumiy soni 140 nafardan oshmasligi kerak;
uchrashuv uchun tanlab olingan barcha toʻplar, GPS tizimlari (Polar tizimi), fishkalar, darvozalar ustunlari hamda toʻrlari, barcha ekipirovkalar dezinfeksiya qilinishi shart!
uchrashuv davomida stadionga kiritilgan barcha shaxslar karantin normalariga (shaxsiy himoya vositalariga) qatʼiy rioya qilishi shart.
ularga tupurish, ogʻiz chayqalgan suvni ommaviy joyga (ayniqsa futbol maydoniga) tashlash kabi sanitariya qoidalarini buzish taqiqlanadi (futbolchilar ogʻiz chayishi hamda ogʻizdagi suvni tashlashi uchun alohida idishlar, yaʼni, tufdon qoʻyilgan nuqtalarni tashkil etish tavsiya etiladi).
futbolchilar va hakamlar yechinish xonalari, shuningdek, avtobuslar kvars lampalar bilan jihozlash kerak (portativ kvars lampa);
stadion hududidagi barcha shaxslar shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishi shart. Faqatgina oʻyin vaqtida maydonda harakat qilayotgan futbolchilar va hakamlarda maska boʻlmaydi. Chigalyozdi mashgʻulotlarida qatnashuvchilar ham maskalardan foydalanadi;
uchrashuv oldidan ikki jamoa vakillari va hakamlarning oʻzaro qoʻl berib koʻrishish tadbirlari bekor qilinadi;
jamoaviy rasmga tushishda futbolchilar ijtimoiy masofa saqlaydi hamda bir-biriga teginib turmaydi (zig-zag usulida);
futbolchilar golni nishonlayotganda ijtimoiy masofa saqlaydi va golni jamoaviy nishonlashga yoʻl qoʻyilmaydi;
karantin talablaridan kelib chiqib, matbuot anjumani oʻtkaziladi. Unda ishtirok etayotgan barcha karantin talablariga qatʼiy rioya etishi shart;
matbuot anjumanida ishtirok etayotgan futbolchi va murabbiylar mikrofon, diktofon kabi vositalarga teginishi, ularni bir joydan boshqa joyga surishi mumkin emas;
uchrashuv stadioni alohida izolyator xonasi boʻlishi va mazkur xona zaruriy tibbiy jihozlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak;
uchrashuv oʻtadigan tutash binolar ichi futbolchilar kelishidan 2 soat avval dezinfeksiyalanishi kerak.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati