Jizzaxda BMX trassasining ochilishida jahonning eng kuchli rayderlari ishtirok etishadi

Shu kunlarda Jizzax shahridagi sobiq Sangzor koʻli hududida velosportning VMX yoʻnalishi boʻyicha trassa qurilishi jarayonlari olib borilmoqda. Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi va Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida kechayotgan mazkur obyekt qurilishi ayni avjida. Hozirda trassaning tamal qismi ustida ish olib borilmoqda. Keling, shu orada boʻlajak trassa haqida maʼlumot berib oʻtsak.

Trassa CC, yaʼni qitʼa chempionatlari va jahon kubogi bosqichlarini qabul qila oladigan toifada boʻladi. Boʻlajak arena 2500 muxlis uchun moʻljallangan. Ahamiyatlisi, maydonning yon qismida 100 kishilik mehmonxona va biznes-markaz ham barpo etiladi. Maʼlum darajaga yetgach (mamlakatimizda xalqaro parvozlarga ruxsat berilgandan soʻng) xalqaro ekspertlar yurtimizga tashrif buyurib, qurilishning asosiy jarayoni ustida bosh-qosh boʻlishadi. Hozircha mahalliy quruvchilar videomuloqot orqali ekspertlardan tegishli koʻrsatmalarni olib turishibdi.

«Qurilish ishlari yakunlangach, VMX yoʻnalishi boʻyicha jahonning eng kuchli rayderlari ishtirokida arenaning ochilish marosimini oʻtkazish rejalashtirilgan. Mehmonlar bunda koʻrgazmali sinov musobaqasida qatnashadilar va jarayon koʻngildagidek yakunlangach, Xalqaro velosportchilar ittifoqi maxsus komissiyasining SS sertifikati berilishi kutilmoqda. Trassaning ochilishi esa kuz faslining ilk kunlariga moʻljallangan. Bu yoʻnalish bilan shugʻullanuvchi professional sportchilarimiz sanoqli. Kelajakda hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan xorijlik mutaxassislarni jalb qilish orqali VMXni ham yurtimizda rivojlantirish rejamiz bor», – dedi Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi Bosh kotibi Kozim Oʻrinboyxoʻjayev.

Trassa haqida gapiradigan boʻlsak, u 2 ta (5 va 8 metri) start chizigʻiga ega boʻladi. Bunda 5 metrli hudud mashgʻulot jarayonlari va havaskorlar uchun moʻljallangan boʻlsa, katta chiziqda professional poygalarga start beriladi. Trassa qurilishi yakunlangach, 5 metrli start chizigʻiga ega hududda ushbu yoʻnalishga qiziqqan istalgan yoshdagi inson oʻzini VMX yoʻnalishida sinab koʻrishi mumkin.

2022-yil Senegalda boʻlib oʻtadigan toʻrtinchi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari dasturiga ushbu sport turi kiritilgan. Bunday zamonaviy inshootning qurilishi nafaqat shosse va trek, balki VMX yoʻnalishida ham oʻsmirlar va kattalar Olimpiadalariga munosib tayyorgarlik koʻrish imkoniyatini taqdim qiladi.

Manba: t.me/cycling_uz

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati