10-iyuldan futbol boʻyicha “Viloyat hokimi kubogi” bahslariga start beriladi

Kuni kecha Qashqadaryo viloyati hokimi rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda viloyatda futbolni yana-da ommalashtirish masalasi kun tartibidagi muhim masala sifatida muhokama etildi. Yigʻilishda vohada isteʼdodli yoshlarni ajratib olish mexanizmi, seleksiya jarayonlari ham soʻzga olindi.
Mazkur tizim futbolning tayanchi ekanligi inobatga olgan holda, Davlat rahbarining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-5887–sonli Farmoniga muvofiq, amaliy ishlar qay darajada yoʻlga qoʻyilganligi oʻrganildi.
Futbol klublarini xususiy sektorga berish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, qishloqlarda va mahallalarda, sport taʼlim muassasalarida musobaqalar uyushtirilishi, har bir tuman (shahar)lardan viloyat ikkinchi ligasida (oʻsha hududdan tanlab olingan yoshlar orasidan) toʻp suruvchi jamoalar shakllantirilishi belgilab berildi.
Shuningdek, pandemiya sababli vaqtincha toʻxtab turgan futbol musobaqalari “Sport maktablari futbol ligasi” va “Professional futbol maktablari ligasi”ni karantin davridan soʻng oʻz vaqtida moliyalashtirish mazkur musobaqalarni yuqori saviyada oʻtkazilishi uchun stadion, sport anjomlari, sport kiyimlari hamda avtobuslar bilan oʻz vaqtida taʼminlanishini nazorat qilish topshirigʻi berildi.
Qolaversa, videoselektor davomida tuman (shahar) hokimliklari markaziy apparati xodimlaridan iborat futbol jamoalarini tashkil etish va futzal boʻyicha “Viloyat hokimi kubogi”ni, korxona va tashkilot, muassasalar va mehnat jamoalari oʻrtasida “Shahar, tuman hokimi kubogi” turnirlarini karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Oʻz oʻrnida taʼkidlash joiz, musobaqalarning kalendar rejalarini tuzish, turnirlarni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha tashkiliy ishlar boshlab yuborilgan.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtmoqchimiz musobaqalarga joriy yilning 10-iyul kuni “Viloyat hokimi kubogi” musobaqasiga start beriladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati