Vazirlikning maxsus ishchi guruhi Buxoroni oʻrganishni boshladi

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maxsus ishchi guruhi 2020-yil 11 iyun kuni Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablari hamda sport muassasalarining faoliyatini oʻrganish va ularga amaliy yordam koʻrsatish borasida oʻz ishini boshladi.
Dastlab, ishchi guruh vakillari Kogon tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabini koʻzdan kechirishdi. Oʻrganishlar davomida sport maktabining moddiy-texnik bazasi holati, internet bilan jihozlanganligi va tezkor axborot almashuv tizimining faoliyati oʻrganilib, bu borada ayni damdagi holatni yana-da yaxshilash borasida vazirlik tomonidan sport maktabiga koʻmak koʻrsatildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz Kogon shahar bolalar-oʻsmirlar sport maktabida 13 ta sport turi mavjud boʻlib, shundan 9 tasi olimpiya, 1 tasi milliy sport turi, 3 ta noolimpiya turi hisoblanadi. Sport maktabida 29 nafar trener, (7 nafari xotin-qizlar)shundan 17 nafari oliy maʼlumotli, 12 nafari oʻrta-maxsus maʼlumotga ega, 2 nafar oliy toifali mutaxassislar tarbiya berib kelishmoqda. Taʼkidlash joiz, 29 nafar trenerlarning barchasida maxsus trenerlik ruxsatnomasi mavjud. Mazkur sport taʼlim muassasasida 1044 nafar oʻquvchilar (328 nafari qizlar)mashgʻulotlarni olib borishadi.
Shuningdek, sport maktabida seleksiya ishlari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yillik taqvim rejaga asosan umumtaʼlim maktab, kollejlar jamoalari oʻrtasida musobaqalar muntazam oʻtkazilib, iqtidorli bolalar sport maktabiga jalb etilib kelinmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati