Xorazmda ham “yashil” hududlardagi sport seksiyalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020-yil 1-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra hududlarda sport mashgʻulotlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 645-sonli buyrugʻiga asosan Xorazm viloyatining “yashil” hududlarida sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes-klublar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.
Xorazm viloyati hokimining 2020-yil 4-iyundagi “Koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha viloyat maxsus komissiyasi yigʻilishi”ning 21-sonli bayoniga asosan Xorazm viloyatining Urganch shahri, shuningdek, Gurlan, Xonqa va Shovot tumanlari “qizil” hududga kiritilganligi bois mazkur hududlarda sport mashgʻulotlari toʻxtatildi.
Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev rahbarligida 2020-yil 8-iyun kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida “yashil” hududlarda sport mashgʻulotlari karantin qoidalari asosida davom ettirilmoqda. Jumladan, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga yana-da keng jalb qilish maqsadida sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari xulosasiga asosan Xiva shahri, Yangiariq, Xiva va Qoʻshkoʻpir tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida 42 ta sport turi boʻyicha toʻgaraklarda mashgʻulotlar boshlab yuborildi.
Xiva shahar bolalar-oʻsmirlar sport maktabida bahodirlar oʻyinlari va tosh koʻtarish, Yangiariq tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabida badminton, badiiy gimnastika, Xiva tumanida ogʻir atletika, mini futbol sport turlari boʻyicha seksiyalar faoliyati Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan tasvirga olindi. Bundan koʻzlangan maqsad, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni xalqqa yetkazish, aholini jismoniy tarbiya va sportga jalb etishdan iborat.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati