Axbor Imomxoʻjayev “Akademik” ilmiy unvoni bilan taqdirlandi

Oʻzbek sporti jurnalistikasi otaxoni, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi – Axbor Imomxoʻjayev “Akademik” ilmiy unvoni bilan taqdirlandi.
Kecha, 8-iyun kuni umrining 60 yilidan ziyodini oʻzbek futbol rivoji va oʻzbek sporti jurnalistikasiga bagʻishlagan Axbor Imomxoʻjayev Oʻrta Osiyo xalqlari tarixi instituti Turon fanlar akademiyasi Prezidiumining qarori bilan akademiyaning haqiqiy aʼzosi deb qabul qilindi va ustoz jurnalistga “Akademik” ilmiy unvoni akademiya prezidenti Haydarbek Bobobekov tomonidan topshirildi
Axbor Imomxoʻjayev 1936-yilning 19-fevralida Toshkentda tavallud topgan. Otaxon jurnalist futbolga oid bir nechta kitoblarning muallifi. Maʼlumot uchun, “Asr futbolidagi asl qadrdonlarim” kitobi muallifning oʻninchi kitobi boʻlib oʻtgan yili keng jamoatchilikka taqdim etilgan edi.
Oʻzbek futbolining 100-yilligiga bagʻishlab chop etilgan – 800 sahifadan iborat ushbu kitobda oʻzbek futboliga oid koʻplab tarixiy materiallar, xotiralar, qiziqarli faktlar jamlangan. Shuningdek, unda oʻzbek futboli tarixida yorqin iz qoldirgan murabbiy, futbolchi, mutaxassis va sport jurnalisti sifatida faoliyat olib borgan mashhur insonlar haqida ham qator qimmatli maʼlumotlar taqdim etilgan.
Shu yilning fevral oyida, 84 yoshlari arafasida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Kengashi qarori bilan Axbor Rustamovichga universitetning Faxriy professori unvoni berilgan edi.
Axbor Imomxoʻjayev 1996-yilda “Shuhrat” medali, 2006-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi faxriy unvoniga sazovor boʻlgan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati