3-iyun – “Butunjahon velosiped kuni”!

Butun dunyo boʻylab har yili 3-iyun kuni “Butunjahon velosiped kuni” sifatida katta xursandchilik bilan nishonlanar edi. Yurtimizda ham ushbu sanada markaziy maydonlarda velomarafonlar, mahorat saboqlari va fleshmoblar oʻtkazilar edi.

Joriy yilda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin qoidalariga amal qilgan holda bu kabi tadbirlar oʻtkazilmayapti. Ammo, inson salomatligi uchun juda foydali boʻlgan ushbu sport turi bilan yakka holda shugʻullanishga hech narsa aslo halal bera olmaydi.

Velosport turizmni rivojlantirishda, sport sohasida, jumladan, velosiped sportini ommaviylashtirishda muhim oʻrin tutadi. Bugungi kunda velosipedning sogʻliq, tabiat va jamiyat uchun qanchalik foydali ekanligi hammamizga birdek maʼlum. Shu boisdan mamlakatimizda keyingi yillarda bu sport turining yana-da rivoji topishida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Buning natijasida, yurtimizda ushbu sport bilan shugʻullanuvchi yoshlar soni va xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiluvchi sportchilar soni ham tobora koʻpayib bormoqda.

Maʼlumot uchun, 2018-yil aprel oyida BMT bosh assambleyasi Turkmanistonning taklifiga binoan 3-iyunni “Butunjahon velosiped kuni” sifatida eʼlon qilgan. Shu munosabat bilan nufuzli tashkilot barcha aʼzo davlatlarni bu sanani jismonan sogʻlom boʻlish hamda sayr madaniyatini yuksaltirish sifatida keng nishonlashga chaqirgan edi.

Fursatdan foydalanib, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jamoasi nomidan “Butunjahon velosiped kuni” munosabati bilan yurtimizda ushbu sport turi rivoji yoʻlida xizmat qilayotgan barcha mutasaddilarni va velosportchilarni samimiy tabriklaymiz!

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati