Bayramingiz bilan, aziz bolajonlar!

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni! Ushbu sana mana 70 yildirki butun dunyoda keng nishonlanadi. Darhaqiqat, bu kun bolajonlar uchun eng begʻubor va quvonchli bayramlardan hisoblanadi. Bolalar – bu ertangi kunga ishonch, hayotimiz davomchilaridir. Bejiz “bola kulgusi dunyoni qutqaradi”, deyishmagan.

Xoʻsh, qachondan boshlab yoz faslining ilk sanasi butun dunyo bolalarini himoya qilish kuni sifatida nishonlab kelinadi? Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini keng nishonlash tashabbusi dastlab 1925-yil Jenevada oʻtkazilgan xalqaro Kongressda ilgari surilgan. Ammo, bu gʻoyaning amalga oshishi uchun chorak asr vaqt ketgan.

1949-yil noyabrda Parijda oʻtkazilgan Konferensiyada butun dunyoda bolalarni himoya qilish kunini keng nishonlashga qaror qilinadi hamda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida dunyo miqyosida keng nishonlanib keladi. 1-iyunda dunyoning aksariyat mamlakatlarida bolajonlar uchun turli konsertlar, koʻrgazmalar, sport musobaqalari oʻtkaziladi. Istirohat bogʻlari esa ularning shoʻx-shodon kulgusi bilan toʻladi.

Afsuski, pandemiya tufayli bu yil dunyoning juda koʻplab mamlakatlarida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ommaviy tarzda nishonlanmayotgan boʻlsada, bu bolajonlarni tabriklash, ularga sovgʻa-salom ulashishga eʼtibor bermaslik uchun bahona boʻlolmaydi.

Bayramingiz bilan, aziz bolajonlar!

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati