Qoraqalpogʻistonda gandbol qanday rivojlanmoqda?

Soʻngi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sportchilar mashgʻulotlarni olib borishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Olimpiya oʻyinlari turkumidan joy olgan gandbol sport turi tobora ommalashmoqda. Xususan, qishloq joylarda ham sportning ushbu turi boʻyicha toʻgaraklar tashkil etilgan boʻlib, ularda shugʻullanayotgan yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Qolaversa, Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi bugungi kunda mazkur sport turini yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Hududda 15 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktabida gandbol toʻgaraklari va ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari hamda ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internatida bittadan sport toʻgaraklari faoliyat olib bormoqda. Ushbu toʻgaraklarda 26 nafar murabbiy jami 1568 nafar oʻsmirlar, yoshlar va kattalarga gandbol sir-sinoatlarini oʻrgatib kelmoqda.

Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat boʻlimlarining faoliyatini samarali tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar bilan taʼminlash, viloyatlar, tuman (shahar) va qishloqlarda musobaqalarni yuqori saviyada oʻtkazish orqali sportchi va murabbiylarning tajribasi va mahoratini oshirib borishga doir ishlarni yana-da samarali tashkil etish yuzasidan doimo oʻz tavsiyalarini berib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 9-martdagi qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarini Tokio shahri (Yaponiya)da boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash”ga oid qarori mazkur vazifalarni amalga oshirishda muhim omil boʻlmoqda.

– Qarorda yuqori salohiyatli sportchi va murabbiylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, olimpiyachilarimiz zaxirasini boyitishga alohida eʼtibor qaratilgan, – deydi Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi ijrochi direktori Buxarbay Pirniyazov.

Shuningdek, Buxarbay Pirniyazov qoʻshimcha qilarkan – Respublikamizda gandbol sport turi boʻyicha oʻquv-mashgʻulot jarayonlarini eng zamonaviy talablar darajasida tashkil etish, jismoniy, ijtimoiy-psixologik tayyorgarlikni yaxshilash, bolalar va oʻsmirlar ayniqsa qizlar oʻrtasida ushbu sport turini yana-da ommalashtirish boʻyicha keng koʻlamli vazifalar belgilangan. Bizga ushbu vazifalarni mukammal bajarishimizga barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan mutasaddilarga minnatdorlik bildiramiz - dedi.

Bugun Qoraqalpogʻistonda oʻz oldiga yuqori marralarni zabt etishdek maqsadlarni qoʻygan yoshlari koʻp. Ayniqsa, terma jamoa oʻyinchilari Azamat Genjebekov, Gulmira Abillayeva, Shaxsayenem Sharapova, Jasurbek Qoңratbayev, Qudaybergen Qoңratbayev, Shaxzad Sherniyazov, Jamshid Bisenbayev, Sarbinaz Saparbayeva kabi yosh isteʼdod egalari mamlakat chempionatlarida doimo shohsupaning yuqori pogʻonalaridan joy olib kelmoqda.

Qoraqalpogʻiston terma jamoasi bosh murabbiyi Muzaffar Narbayev qoʻshimcha qilarkan – Sportchilarimizning mahoratini oshirishda, Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi (UHF) Osiyo gandbol federatsiyasi (AHF) Xalqaro gandbol federatsiyasi tomonidan biz murabbiylarga oʻtkazilayotgan turli xil seminarlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Gandbol sport turi qoraqalpogʻistonlik yoshlarning eng sevimli sport turlaridan biriga aylandi. Shu sababli ham toʻgaraklarda mazkur sport turi bilan shugʻullanuvchilar soni koʻpaymoqda. Terma jamoa safida iqtidorli sportchilarni saralash ishlari tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgan – deydi murabbiy.

Taʼkidlash joiz, Qoraqalpogʻiston gandbol terma jamoasiga sport maktablari, tuman va shahar birinchiliklarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan sportchilar qabul qilinadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati