Bagʻdodda xotin-qizlar sport bilan shugʻullanishi uchun zamonaviy sport majmuasi qad rostlaydi

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev shu kunlarda Fargʻona viloyatida boʻlib turibdi. Bugun vazir Fargʻona viloyati Bagʻdod tumaniga tashrif buyurib, bu yerda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Shuningdek, tashrif davomida sport-sogʻlomlashtirish majmualarining ayni paytdagi holati oʻrganilib, mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf qilish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Vazirni tuman hokimi Alibek Tursunov kutib oldi hamda Markaziy oʻyingohda yaratilgan shart-sharoitlar, bolalar va oʻsmirlar sportini rivojlantirishning istiqboldagi rejalari bilan tanishtirdi.

- Markaziy oʻyingohni rekonstruksiya qilish uchun viloyatimiz hokimligi tomonidan 2 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan. Bugunga kelib, qurilish-taʼmirlash loyihalari tayyor holatda va tez orada rejadagi ishlarimiz boshlanadi. Tumanimizda sportning 18 turi boʻyicha toʻgaraklar tashkil etilgan va 2 539 nafar bolalar va oʻsmirlar sport bilan muntazam shugʻullanadi. Ularning 775 nafarini qizlar tashkil qiladi. Bundan tashqari, kattalar oʻrtasida ham koʻplab sport turlari juda ommalashib boryapti. Biroq bizda xotin-qizlar uchun alohida sport inshootlari mavjud emas. Shu masalada vazirlikning yordamiga ehtiyoj sezilmoqda, — dedi Bagʻdod tumani hokimi Alibek Tursunov.

Oʻz navbatida D.Nabiyev Bagʻdod tumanida jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berar ekan, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, xotin-qizlar orasida sportni yana-da ommalashtirish masalasi vazirlikning doimiy eʼtiborida ekanini alohida taʼkidladi.

- Qayerdaki birinchi rahbar sportni sevsa, oʻsha yerda bu soha rivojlanadi, — dedi Dilmurod Hamidullayevich. – Tumaningiz yoshlari erishayotgan natijalardan ozmi-koʻpmi xabarim bor. Ularni yana-da qoʻllab-quvvatlash, katta marralarga ilhomlantirish kerak. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Bagʻdodda sportni keng ommalashtirish, ayniqsa, xotin-qizlar sportini har tomonlama rivojlantirishdan albatta manfaatdor.

Tashrif davomida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Markaziy oʻyingoh hududidagi foydalanishsiz turgan tennis korti oʻrnida xotin-qizlar uchun maxsus trenajyor va fitnes zallari, jamoaviy hamda yakka tartibdagi sport turlari bilan muntazam shugʻullanish imkonini beruvchi koʻpqavatli sport majmuasi qurilishini, bu ishlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishini, bu esa bagʻdodlik ayollar uchun vazirlikning munosib tuhfasi boʻlishini aytib oʻtdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati